AQSH Ichki xavfsizlik vazirligi saylovchilar ro‘yxatida 400 ming nafar vafot etgan shaxsning ma’lumotlari saqlanib qolganini aniqlaganini bildirdi. Bu haqda vazirlik rahbari Markveyn Mallin jurnalistlarga ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, idora saylovchilar ro‘yxatini tekshirish jarayonida AQSH fuqaroligiga ega bo‘lmagan shaxslarga oid ma’lumotlarni ham aniqlagan.
“Biz to‘rtta shtatning o‘zida saylovchilar sifatida ro‘yxatdan o‘tgan 250 ming nafar fuqaroligi bo‘lmagan shaxsni topdik”, dedi Mallin.
Shuningdek, u vazirlik bilan hamkorlik qilgan 20 dan ortiq shtat ro‘yxatlarida yana 28 ming nafar fuqaroligi bo‘lmagan shaxs va 400 ming nafar marhum qayd etilganini bildirgan.
Reuters ma’lumotiga ko‘ra, vazirlik Kaliforniya, Nyu-Jersi, Nevada va Pensilvaniya rasmiylaridan ikki hafta ichida bu ma’lumotlarni tekshirib, javob berishni talab qilgan.
Biroq Ichki xavfsizlik vazirligi ushbu raqamlarni tasdiqlovchi batafsil ma’lumotlar va tekshiruv usulini ochiqlamagan. Shuningdek, ro‘yxatda qayd etilgan shaxslar saylovda ovoz bergani haqida dalil keltirilmagan.
Saylovlar bo‘yicha mutaxassislar fuqarolik maqomini tekshirishda qo‘llanilgan ma’lumotlar bazasida eskirgan yoki to‘liq bo‘lmagan ma’lumotlar bo‘lishi mumkinligini bildirgan. Xususan, keyinchalik AQSH fuqaroligini olgan shaxslar ham tizimda xato ravishda fuqaroligi yo‘qlar qatoriga kiritilgan bo‘lishi mumkin.
Avvalroq prezident Donald Tramp hukumat 278 mingga yaqin AQSH fuqaroligiga ega bo‘lmagan shaxs saylovchilar ro‘yxatiga kiritilganini aniqlaganini aytgan edi. Ammo bu da’vo ham hozircha to‘liq tasdiqlangan emas.
AQSHda navbatdagi saylovlar 2026-yil 3-noyabrda bo‘lib o‘tadi. Unda Kongress Vakillar palatasining barcha 435 ta o‘rni va Senatdagi 33 ta o‘rin uchun ovoz beriladi. Bir qator shtatlarda mahalliy qonun chiqaruvchi organlar va gubernatorlik saylovlari ham o‘tkaziladi.








