Daryo

Avstriyada erkak o‘z sevgilisini tog‘ cho‘qqisida tashlab ketdi: ayol halok bo‘ldi

Cho‘qqida holdan toygan sherigini tashlab ketgan alpinist ustidan sud jarayoni boshlandi. Prokuratura uni ehtiyotsizlik va xavfli vaziyatda yordam ko‘rsatmaslikda ayblamoqda.

2 daqiqa o‘qish157 829 ko‘rishlar0 izoh81

Avstriyaning eng baland cho‘qqisi — Grosgloknerda 33 yoshli Kerstin G. ismli ayolning fojiali o‘limidan bir yil o‘tib, uning sevgilisi Tomas P. ustidan sud jarayoni boshlandi. Prokuratura erkakni ehtiyotsizlik orqasidan odam o‘ldirishda ayblamoqda. Bu haqda BBC xabar berdi.

Ushbu hodisa nafaqat Avstriya, balki butun dunyo alpinistlari o‘rtasida qizg‘in bahslarga sabab bo‘ldi, chunki sud qarori tog‘ sportida hamroh uchun mas’uliyat chegaralarini belgilab berishi kutilmoqda.

Fojia 2025-yilning 19-yanvariga o‘tar kechasi yuz bergan. Ayblov xulosasiga ko‘ra, tajribali alpinist deb hisoblanayotgan Tomas P. sayohatni rejalashtirishda va amalga oshirishda qator jiddiy xatolarga yo‘l qo‘ygan. Xususan, u sevgilisining bunday murakkab qishki marshrutga tayyor emasligini va noqulay ob-havo sharoitini hisobga olmagan. Ayol tog‘ning yuqori qismida, minus 20 darajali sovuq va kuchli bo‘ron ostida holdan toyib qolganida, erkak uni himoyasiz qoldirib, yordam chaqirish uchun o‘zi cho‘qqidan oshib o‘tgan.

Prokuratura ta’kidlashicha, Tomas P. safar davomida kamida to‘qqizta qo‘pol xatoga yo‘l qo‘ygan. Ular orasida safarni kech boshlash, yetarli darajada himoya anjomlarini olmaslik va hattoki ayolga tog‘ uchun mutlaqo mos kelmaydigan yumshoq etiklarda chiqishga ruxsat berish kabi holatlar bor. Shuningdek, erkak soat 22:50 da tepadan uchib o‘tgan politsiya vertolyotiga yordam so‘rab signal bermaganlikda va keyinchalik telefoni ovozini o‘chirib qo‘yib, qutqaruvchilar bilan aloqani uzganlikda ayblanmoqda.

Himoya tomoni esa bu voqeani fojiali tasodif deb atamoqda. Advokat Kurt Yelinekning so‘zlariga ko‘ra, juftlik barcha qarorlarni birgalikda qabul qilgan va o‘zlarini safarga tayyor deb hisoblagan. Uning ta’kidlashicha, ayol cho‘qqiga atigi 40 metr qolganida kutilmaganda holdan toygan va erkak uni qutqarishning yagona yo‘li sifatida pastga tushib, yordam chaqirishni tanlagan. Biroq  qutqaruv xizmatlariga xabar berilganida kuchli shamol tufayli vertolyot uchishi imkonsiz edi va Kerstin G. muzlagan tog‘ bag‘rida halok bo‘lgan.

Agar sud alpinistni aybdor deb topsa, u uch yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi mumkin. Bu holat kelgusida tog‘ sayohatlarida guruh rahbarlari va hamrohlar zimmasiga yuklanadigan jinoiy javobgarlik masalasida yangi davrni boshlab berishi mumkin. Tomas P. marhumaning oilasiga hamdardlik bildirgan, biroq u o‘ziga qo‘yilgan ayblarni tan olmayapti.

Mirzayeva Dilafroʻz Safar qizi. 1999-yilda Toshkent viloyatida tavallud topgan. Millati — oʻzbek. 2024-yilda Oʻzbekiston davlat jahon tillari universitetining Sinxron tarjima yoʻnalishi magistr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar