Daryo

Rekord: Everest cho‘qqisiga bir kunda 274 kishi ko‘tarildi (video)

Ko‘rsatkich yana oshishi ehtimoli bor, sababi alpinistlar o‘z muvaffaqiyati haqida xabar berishga ulgurmagan bo‘lishi mumkin.

2 daqiqa o‘qish11 018 ko‘rishlar0 izoh7

Bir kunda 274 nafar alpinist Nepal tarafdan Everest cho‘qqisiga chiqdi. Bu orqali cho‘qqiga bir vaqtning o‘zida ko‘tarilish bo‘yicha yangi rekord o‘rnatildi. Bu haqda CBS News xabar berdi.

Nepal Ekspeditsiya operatorlari assotsiatsiyasi vakili Rishi Ram Bhandarining aytishicha, alpinistlar 20-may kungi ochiq ob-havodan unumli foydalangan. U Reuters axborot agentligiga bergan intervyusida bu ko‘rsatkich yana oshishi mumkinligini aytdi. Chunki cho‘qqiga chiqqan ayrim alpinistlar o‘z muvaffaqiyatlari haqida lagerga hali xabar berishga ulgurmagan bo‘lishi mumkin.

Everest cho‘qqisiga uning Nepal tomonidagi qismidan ham, Xitoyning Tibet hududidagi shimoliy yonbag‘ridan ham ko‘tarilish mumkin. 2019-yilning 22-may kuni Nepal tomonidan 223 nafar, Xitoy tomonidan esa 113 nafar alpinist cho‘qqiga chiqqan edi. Biroq Xitoy hukumati 2026-yilda ushbu yo‘nalishni yopib qo‘ydi.

Shu haftaning boshida tajribali tog‘ yo‘lboshlovchisi Kami Rita Sherpa cho‘qqiga 32-marta ko‘tarilib, o‘zining shaxsiy rekordini yangiladi. Uning raqibi Pasang Dava Sherpa esa shu haftada cho‘qqini 30-marta zabt etdi. Shuningdek, Lakpa Sherpa Everestga 11-marta ko‘tarildi. U ayol alpinistlar o‘rtasida eng ko‘p cho‘qqiga chiqish bo‘yicha o‘z rekordini yangiladi.

Mavsum kechikishi va xavfsizlik choralari

2026-yilda Everestga chiqish mavsumi odatdagidan kechroq boshlandi. Bunga cho‘qqiga olib boradigan asosiy yo‘nalish ustida ulkan muz bo‘lagining osilib turgani sabab bo‘ldi. Bu alpinistlar hayoti uchun katta xavf tug‘dirgan edi.

May oyining oxirigacha 494 nafarga yaqin alpinist va ularga hamrohlik qilayotgan shuncha miqdordagi yo‘lboshlovchilar 8 848 metr balandlikdagi cho‘qqini zabt etishga urinib ko‘radi. Shu bilan tog‘da cho‘qqiga chiqish mavsumi yakunlanadi.

Alpinizm bo‘yicha ekspertlar ko‘pincha Nepal hukumatini tanqid qilib keladi. Chunki hukumat juda ko‘p odamga bir vaqtning o‘zida Everestga chiqishga ruxsat beradi. Bu esa yo‘lning ayrim joylarida xavfli tirbandliklarni keltirib chiqaradi. Shu sababli Nepal bu safar nazoratni kuchaytirdi va to‘lovlar miqdorini oshirdi.

Everest cho‘qqisiga birinchi marta 1953-yil 29-mayda yangi zelandiyalik Edmund Xillari va uning yo‘l boshlovchisi Tenzing Norgey chiqqan edi. O‘shandan beri o‘tgan vaqt davomida taxminan 8000 odam ushbu cho‘qqini zabt etishga muvaffaq bo‘ldi.

Mirzayeva Dilafroʻz Safar qizi. 1999-yilda Toshkent viloyatida tavallud topgan. Millati — oʻzbek. 2024-yilda Oʻzbekiston davlat jahon tillari universitetining Sinxron tarjima yoʻnalishi magistr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar