Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Omonulla Fayziyev Malayziyaga sayohat uchun borib, giyohvand moddalar kontrabandasi sabab o‘limga hukm qilingan uch nafar o‘zbekistonlik to‘g‘risida “Daryo”ga ma’lumot berdi.
Isteʼfodagi Davlat xavfsizlik xizmati xodimi O‘ktam Suvonov YouTubeʼdagi “Xavfsizlik.uz” kanaliga bergan intervyusida bundan 10—11 yil ilgari Kuala Lumpur shahridagi aeroportda uch nafar o‘zbekistonlik narkotik moddalar bilan ushlanib, o‘lim jazosiga hukm qilingani to‘g‘risida gapirib bergandi.
TIV rasmiysiga ko‘ra, mazkur holat 2010-yilning sentyabrida sodir bo‘lgan. O‘zbekiston fuqarolari N.S., N.D. va J.J. Kuala Lumpur xalqaro aeroportida 12 kilogrammdan ortiq giyohvandlik vositalarini olib o‘tishga urinishda Malayziya huquqni muhofaza qiluvchi organlari tomonidan qo‘lga olingan.
Keyinchalik Malayziya sudi tomonidan ularga nisbatan o‘lim jazosi tayinlangan.
Fuqarolarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish maqsadida O‘zbekistonning Malayziyadagi elchixonasi tomonidan 2013, 2014, 2016 va 2020-yillarda Malayziya Tashqi ishlar vazirligi, Bosh prokuraturasi, Oliy sudi hamda mamlakat qiroli nomiga ularni afv etish to‘g‘risida bir necha bor rasmiy murojaatlar kiritilgan.
2018-yilda Malayziyada o‘lim jazosini qo‘llashga moratoriy joriy etilgan. Keyinchalik, 2024-yil 18-mart kuni kuchga kirgan “O‘lim va umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazolarini olgan shaxslarning ishlarini qayta ko‘rib chiqish to‘g‘risida”gi qonun asosida Malayziya Oliy sudi mazkur uch nafar O‘zbekiston fuqarosiga nisbatan chiqarilgan avvalgi o‘lim jazosini 30 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi bilan almashtirgan.
Malayziya qonunchiligiga muvofiq, jazoni ijro etish tartibi va yaxshi xulq-atvor uchun nazarda tutilgan imtiyozlar inobatga olinganda, ushbu fuqarolarning jazo muddati 2030-yilda yakunlanishi kutilmoqda.
“Hozirgi vaqtda ular Malayziyaning Selangor shtatidagi Kajang qamoqxonasida jazo muddatini o‘tamoqda. O‘zbekistonning Malayziyadagi elchixonasi tomonidan ular bilan muntazam konsullik uchrashuvlari o‘tkazilib, zarur konsullik-huquqiy ko‘mak ko‘rsatib kelinmoqda. Tashqi ishlar vazirligi xorijda bo‘lib turgan O‘zbekiston fuqarolarining huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha tegishli choralarni bundan buyon ham davom ettiradi”, deyiladi xabarda.








