Daryo

Vuchich uchta davlat Serbiyaga hujumga tayyorlanyotganini aytdi

Serbiya prezidenti bu davlatlar mudofaa sohasida ittifoq tuzgani va hujum uchun qulay fursatni kutyotganini bildirdi.

1 daqiqa o‘qish10 606 ko‘rishlar0 izoh4

Serbiya prezidenti Aleksandr Vuchich uning mamlakatiga Xorvatiya, Albaniya va Kosovo hujum qilishga tayyorgarlik ko‘ryotganini aytdi. U bu haqda RTS telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi.

Vuchich 2025-yil 18-mart kuni Albaniyaning Tirana shahrida imzolangan uch tomonlama deklaratsiyaga ishora qildi. Mazkur hujjat Xorvatiya, Albaniya va Kosova mudofaa sohasida hamkorlik qilishini anglatadi Serbiya prezidentining so‘zlariga ko‘ra, bu harbiy aloqalarni mustahkamlash va Serbiyaga qarshi ittifoq tuzishga qaratilgan.

“Ular bizga hujum qilish uchun ittifoq tuzmoqda. Ular Rossiya va Yevropa o‘rtasidagi ziddiyatning kuchayishini, shuningdek, Yaqin Sharqda kattaroq urush boshlanishini kutmoqda. Ular dunyodagi xaos bunga imkon berishini kutmoqda”, dedi Vuchich.

​

Shuningdek, prezident Xorvatiya so‘nggi bir yarim yil ichida “Serbiyani zaiflashtirishga urinyotgani va uning ichki ishlariga aralashyotganini” aytdi. Vuchich mudofaa salohiyati haqida gapirar ekan, Serbiya 400 kilometrgacha masofaga uchadigan Xitoyning “havo-yer” gipertovushli raketalariga ega ekanini ta’kidladi. Prezident ularni eng ilg‘or qurol tizimlaridan biri deb atadi.

Shu bilan birga, u Belgrad harbiy betaraflik siyosatini saqlagan holda NATO bilan yaxshi munosabatlarni qo‘llab-quvvatlashini ta’kidladi. 7-mart kuni Vuchich milliy rivojlanish strategiyasini taqdim etar ekan, dunyoda yangi va yanada jiddiy harbiy mojarolar muqarrarligi haqida ogohlantirgandi. 2025-yil oktyabr oyida u “barcha urushga tayyorgarlik ko‘ryotgani, savol faqat kim qaysi tomonda bo‘lishida” ekanini ta’kidlagan.

Ma’lumot uchun, 2026-yil boshiga kelib, BMTga aʼzo 100 dan ortiq davlat, jumladan, AQSH, Buyuk Britaniya, Fransiya, Germaniya, Turkiya, Kanada va Yaponiya Kosovoning 2008-yilda Serbiyadan ajralib chiqib, oʻz mustaqilligini eʼlon qilganini tan olgan.

Karimova Zulfiya Abduhakim qizi. 1999-yilda Toshkent shahrida tavallud topgan. Millati — o‘zbek. 2023-yilda O'zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetining xalqaro jurnalistika yo'nalishi bakalavr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar