Daryo

Germaniyada havo harorati 41 darajadan oshdi, Yevropadagi jazirama sharqqa siljimoqda

Mamlakat bo‘ylab kuchli jazirama haqida ogohlantirish e’lon qilindi. Milliy temiryo‘l operatori yo‘lovchilarga uzoq masofaga safarlarni jarimasiz bekor qilish imkonini berdi.

1 daqiqa o‘qish5 037 ko‘rishlar0 izoh1

G‘arbiy Yevropada rekord haroratlarni keltirib chiqargan jazirama Germaniya va Italiyaga yetib bordi. Reuters’ning yozishicha, ayrim hududlarda havo harorati 40 darajadan oshib, favqulodda ogohlantirishlar e’lon qilindi.

Ma’lum qilinishicha, Germaniyada Fransiya bilan chegaradosh Saarbryukken shahri yaqinida 41,3 daraja issiq qayd etilgan. Mamlakat meteorologiya xizmati bu ko‘rsatkich dastlabki ma’lumot ekanini bildirgan. 27-iyun kuni deyarli butun Germaniya bo‘ylab kuchli jazirama haqida ogohlantirish e’lon qilinib, ayrim hududlarda harorat 42 darajagacha ko‘tarilishi prognoz qilinmoqda.

Fransiyada jazirama oqibatida o‘nlab odam halok bo‘lgani aytilmoqda. 40 darajadan yuqori harorat temiryo‘l qatnoviga, elektr energiyasi ishlab chiqarishga va boshqa infratuzilmalarga salbiy ta’sir ko‘rsatgan. Mamlakatning ayrim hududlarida maktablar faoliyati vaqtincha to‘xtatilgan, ommaviy tadbirlar qoldirilgan hamda o‘rmon yong‘inlari soni oshgani qayd etilgan.

Italiyada esa Milan, Rim, Turin, Venetsiya, Florensiya va Bolonya kabi 18 ta shaharda eng yuqori darajadagi issiqlik ogohlantirishi e’lon qilindi. Ayrim hududlarda havo harorati 39 darajagacha yetishi kutilmoqda. Kuchli jazirama sabab bir qator ommaviy tadbirlar va sport musobaqalari jadvaliga ham o‘zgartirishlar kiritilgan.

Germaniyada jazirama transport tizimiga ham ta’sir ko‘rsatmoqda. Mamlakatning milliy temiryo‘l operatori yo‘lovchilarga uzoq masofali safarlarini jarimasiz bekor qilish imkonini berdi. Shimoliy Reyn-Vestfaliya yerida ayrim poyezdlar harakati vaqtincha to‘xtatilgan. Gamburg yaqinida esa kuchli issiq tufayli asfalt yorilib ketgani sabab A7 avtomagistralining bir qismi yopilgan.

Olimlar bunday jazirama inson faoliyati oqibatidagi iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq ekanini ta’kidlamoqda. Ularning fikricha, so‘nggi haftadagi yuqori tungi haroratlar bundan yigirma yil avvalgiga qaraganda qariyb 100 barobar ko‘proq kuzatilmoqda.

Meteorologlarning prognoziga ko‘ra, dam olish kunlari oxiriga borib Yevropaning ayrim hududlarida harorat pasaya boshlaydi va kuchli momaqaldiroqli yomg‘irlar kuzatilishi mumkin.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar