Fransiyada jazirama issiq tufayli kamida 18 kishi vafot etdi. Ular orasida mashina ichida qolib ketgan ikki nafar bola ham bor. Bu haqda Reuters xabar berdi.
Fransiya g‘arbidagi vinochilik o‘lkasi bo‘lgan Bordo shahrida harorat 41,9 darajaga ko‘tarildi. Shu tariqa, 2025-yilning avgust oyida o‘rnatilgan rekord yangilandi. 80 yoshdan 95 yoshgacha bo‘lgan uch nafar keksa odam aynan shu shaharda jazirama tufayli sog‘lig‘idagi yuzaga kelgan muammolar oqibatida vafot etdi.
Puatye shahrida esa harorat 41,2 darajaga yetdi va 1947-yilda qayd etilgan eng yuqori ko‘rsatkichdan oshdi. Fransiya Fuqaro xavfsizligi xizmati issiqdan salqinlanmoqchi bo‘lganlarga faqat nazorat ostidagi joylardagina cho‘milishni tavsiya qildi. Mazkur ogohlantirish xavfsiz bo‘lmagan hududlarda cho‘milgan 13 kishi halok bo‘lgani ortidan berildi.
Karpantras shahrida esa mashina ichida qoldirilgan 2 va 4 yoshli bolalar issiqlik urishi oqibatida vafot etdi. Onasi ularni hushsiz holatda topgan, biroq voqea joyiga yetib kelgan birinchi yordam xodimlari bolalar hayotini saqlab qola olmagan.
Yevropadagi bir nechta shaharlarda 22-iyun kuni harorat bo‘yicha yangi rekordlar o‘rnatildi. Jazirama tufayli Fransiyadagi maktablar yopilib, dars jadvallari o‘zgartirildi. Britaniyada esa joriy hafta iyun oyidagi mutlaq harorat rekordi yangilanishi prognoz qilinmoqda.
Ispaniyaning odatda salqinroq bo‘lgan shimolidagi San Sebastyan shahrida ham harorat 40 darajaga yetishi kutilmoqda. Bu ko‘rsatkich shaharning 22-iyun uchun tarixiy o‘rtacha ko‘rsatkichidan ikki baravar ko‘pdir. Jahon meteorologiya tashkilotining aprel oyidagi hisobotiga ko‘ra, Yevropa qit’asi global darajadan ikki baravar tezroq isimoqda.
Yevropaning katta qismiga ta’sir ko‘rsatayotgan bu jazirama to‘lqin “Omega bloki” sifatida tanilgan. Bunga sabab, atmosferadagi havo oqimlari yunon alifbosidagi Ω (omega) harfiga o‘xshash shakl hosil qiladi: markazda issiq havo to‘planadi, uning ikki tomonida esa nisbatan salqin havo joylashadi. Shu tufayli issiq havo uzoq vaqt bir hudud ustida saqlanib qolib, kuchli issiq to‘lqinlarini yuzaga keltirmoqda.
“U Shimoliy Afrikadan, Sahroyi Kabirdan issiq havoni tortib bormoqda va shuning uchun bizda juda kuchli jazirama kuzatilmoqda. U juda sekin harakat qilmoqda, shamol ham, nafas rostlash uchun shabada ham yo‘q”, dedi Londondagi Imperial kollejining ekstremal ob-havo va iqlim bo‘yicha ilmiy xodimi Kler Barns.
Ekspertning ta’kidlashicha, iqlim o‘zgarishi sababli jazirama to‘lqinlar va bo‘ronlar yanada kuchayib, haroratni oshirmoqda va ko‘proq yog‘ingarchilikka sabab bo‘lmoqda.








