Jahon chempionatida (JCH) guruh bosqichi yakunlanguniga qadar har kuni oltitadan o‘yin o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Bu esa o‘yinlarni kuzatishni xuddi to‘liq stavkali asosiy ishga aylantirib qo‘yadi.
Shu sababli JCHning 104 ta o‘yinini to‘liq tomosha qiladigan ikki futbol muxlisining har biriga AQSHda 50 ming dollardan haq to‘lanmoqda. Kevin Akoto va Ostin Franklin o‘yinlarni Nyu Yorkning Tayms-skver maydoni markazida joylashgan oynali kabina ichidan turib kuzatmoqda.
Mazkur xona qulay kreslolar, ikkita katta ekranli televizor va hatto stol futboli bilan jihozlangan. Shuningdek, muxlislar o‘yinda qatnashayotgan davlatlarning milliy taomlari bilan ham ta’minlanadi.
“Bu xuddi har qanday 20 yoshli yigitning tasavvuridagi joyga o‘xshaydi, agar futbol muxlisi sifatida bu yerga biror narsa qo‘yish imkoni bo‘lganida, aynan mana shu narsalarni tanlagan bo‘lardingiz”, deydi Kevin BBC’ga bergan intervyusida.
Floridalik oshpaz Kevin va filadelfiyalik bloger Ostin ushbu vazifa uchun da’vogarlik qilgan minglab nomzodlar orasidan tanlab olingan. O‘yin tomosha qilishdan tashqari, ular boshqa futbol ishqibozlari uchun kontent ham yaratishi zarur.
“Men charchadim, Ostin ham biroz charchadi, shuning uchun hamma narsaga moslashishni o‘rganyapman”, deydi Kevin.
Ular ish vaqti tugagach, dam olish uchun uylariga ketishi mumkin. Kevin oltin kubokni Ispaniya qo‘lga kiritishiga ishonmoqda, garchi o‘z ildizlari sababli AQSH va Ganaga muxlislik qiladi. Ostin esa Norvegiya terma jamoasi formasini kiyib olgan. Bunga jamoaning va “Manchester Siti” hujumchisi Erling Holandning hozirgacha ko‘rsatayotgan o‘yinlari sabab bo‘lgan.








