Germaniyalik siyosatchi, Bundestag a’zosi hamda federal kansler Fridrix Mertsning yaqin hamkori Yurgen Xardt Germaniya AQSHga bosim o‘tkazish maqsadida 2026-yilgi futbol bo‘yicha Jahon chempionatini boykot qilishi mumkinligini ma’lum qildi.
“Turnirdan voz kechish faqatgina eng oxirgi choralar qatorida ko‘rib chiqilishi mumkin. Bu harakat AQSH prezidenti Donald Trampni Grenlandiya masalasida fikrini o‘zgartirishga undash uchun bo‘ladi. Jahon chempionati uning uchun juda katta ahamiyatga ega”, deya Xardtning so‘zlarini Bild nashri keltiradi.
Keyinchalik INSA sotsiologiya instituti tomonidan o‘tkazilgan so‘rov natijalariga ko‘ra, agar Qo‘shma Shtatlar Grenlandiyani kuch bilan qo‘lga kiritsa, nemislarning deyarli yarmi 2026-yilgi Jahon chempionatini boykot qilishni qo‘llab-quvvatlaydi.
Soʻrovnoma natijalariga ko‘ra, ishtirokchilarning 47 foizi Grenlandiya AQSH tomonidan egallab olinsa, Germaniya 2026-yilgi Jahon chempionatini boykot qilishi kerakmi degan savolga “ha” deb javob bergan. Respondentlarning 35 foizi boykotni rad etgan, yana 18 foizi esa javob bera olmagan. Soʻrovnoma 15-16-yanvar kunlari 1002 kishi orasida oʻtkazilgan.
Avvalroq AQSH prezidenti Donald Tramp Daniya tarkibidagi avtonom hudud hisoblangan Grenlandiya ustidan AQSH nazoratini o‘rnatish istagini bildirgan edi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu hududda raketaga qarshi mudofaa tizimlarini joylashtirish rejalashtirilmoqda. Reuters xabariga ko‘ra, Tramp ma’muriyati grenlandiyaliklarni Daniyadan ajralib chiqishga va AQSHga qo‘shilishga ko‘ndirish uchun 10 mingdan dollardan 100 ming dollargacha to‘lashi mumkin.
Ma’lumot o‘rnida, 2026-yilgi futbol bo‘yicha Jahon chempionati uchta mamlakat— AQSH, Kanada va Meksika hududida bo‘lib o‘tadi. Musobaqa 11-iyundan 19-iyulgacha davom etadi. Amaldagi jahon chempioni Argentina terma jamoasi bo‘lib, ular 2022-yilgi mundial finalida Fransiya terma jamoasiga qarshi maydonga tushgan. Uchrashuvning asosiy va qo‘shimcha bo‘limlari 3:3 hisobida yakunlangan, penaltilar seriyasida esa Argentina terma jamoasi 4:2 hisobida ustun kelgan.








