Daryo

Markaziy bank asosiy stavkani 14 foiz darajasida o‘zgarishsiz qoldirdi

May oyida yillik inflyatsiya 5,5 foizgacha pasaygan bo‘lsa, yil yakunida bu ko‘rsatkich 6,5 foiz atrofida bo‘lishi prognoz qilinmoqda.

1 daqiqa o‘qish4 123 ko‘rishlar0 izoh0

Markaziy bank boshqaruvi 17-iyun kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda asosiy stavkani yillik 14 foiz darajasida o‘zgarishsiz qoldirish to‘g‘risida qaror qabul qildi. Bu haqda regulyator axborot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, so‘nggi oylarda inflyatsion bosim pasayishda davom etmoqda. Xususan, 2026-yil may oyida yillik umumiy inflyatsiya 5,5 foizgacha, bazaviy inflyatsiya esa 5,7 foizgacha pasaygan.

Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, inflyatsiyaning pasayish dinamikasi va iqtisodiy faollikdagi ijobiy tendensiyalar saqlanib qolmoqda. Shu bilan birga, joriy yil iyun oyidan energiya resurslari tariflarining oshirilishi narxlar o‘sishiga qisqa muddatli ta’sir ko‘rsatishi mumkinligi qayd etilgan.

Regulyator 2026-yil yakunlari bo‘yicha umumiy inflyatsiya prognozini 6,5 foiz atrofida saqlab qoldi. Iqtisodiy o‘sish sur’ati esa 7–7,5 foiz darajasida bo‘lishi kutilmoqda.

Markaziy bank pul-kredit siyosati inflyatsiyani 5 foizlik maqsadli ko‘rsatkichga tushirish, makroiqtisodiy barqarorlikni ta’minlash hamda aholining xarid qobiliyatini saqlab qolishga qaratilgan bo‘lib qolishini ta’kidladi.

Asosiy stavka bo‘yicha navbatdagi yig‘ilish 2026-yil 29-iyul kuni o‘tkaziladi.

Telegram kanal@daryoObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar