Daryo

Markaziy bank asosiy stavkani 14 foiz darajasida o‘zgarishsiz qoldirdi

Bu orqali inflyatsion jarayonlarga energiya narxlari oshishining ikkilamchi taʼsirlarini pasaytirish maqsad qilingan

3 daqiqa o‘qish5 165 ko‘rishlar0 izoh0

Markaziy bank boshqaruvi 2025-yil 12-iyunda asosiy stavkani yillik 14 foiz darajasida o‘zgarishsiz qoldirish to‘g‘risidagi qaror qabul qildi.

Foto: “Daryo” / Madina Nurman

Ma’lum qilinishicha, so‘nggi oylardagi iqtisodiy faollik va isteʼmol talabi dinamikalari hamda bazaviy inflyatsiyaning o‘sish tendensiyasi iqtisodiyotda inflyatsion bosimlar saqlanib qolayotganidan dalolat bermoqda. Bu, o‘z navbatida, umumiy inflyatsiyaning may oyidagi biroz pasayishiga qaramasdan inflyatsiya prognozi trayektoriyasidan yuqori shakllanishiga sabab bo‘lmoqda. Mazkur sharoitda inflyatsion jarayonlarga energiya narxlari oshishining ikkilamchi taʼsirlarini pasaytirish va umumiy inflyatsiyaning barqaror pasayuvchi trendga o‘tishini taʼminlash maqsadida asosiy stavka joriy darajasida qoldirildi.

Yil boshidan o‘suvchi trendda shakllanib kelgan umumiy inflyatsiya darajasi may oyida o‘tgan yilgi energiya tariflari oshirilishining birlamchi taʼsiri chiqib ketishi hisobiga pasayib, yillik 8,7 foizga teng bo‘ldi. Aholi va tadbirkorlarning inflyatsion kutilmalari umumiy inflyatsiyadan yuqori darajada shakllanmoqda.

Xizmatlar inflyatsiyasi tezlashishi hisobiga bazaviy inflyatsiyaning o‘suvchi dinamikasi davom etib, may oyida yillik 8,5 foizga yetdi. Iqtisodiyotda yalpi talab yuqoriligi sharoitida joriy energiya narxlari oshirilishining ikkilamchi taʼsirlari yuzaga chiqishi inflyatsion bosimlarning uzoqroq davom etishiga ishora beradi.

2025-yilning yanvar–may oylarida iqtisodiyotdagi yuqori faollik yalpi talabning shakllanishida asosiy omillardan biri bo‘ldi. Bu savdo va pullik xizmatlardan tushumlar va transchegaraviy pul o‘tkazmalari hajmlarining oshishi hamda banklararo tranzaksiyalar hajmi va ko‘chmas mulk savdosi bitimlari soni o‘sishida namoyon bo‘lmoqda.

Shuningdek, iqtisodiyotga kredit ajratish surʼatlarining yuqori darajada saqlanib qolayotgani va byudjet xarajatlarining o‘sishi ham iqtisodiy faollikni rag‘batlantirishga hissa qo‘shmoqda. Ushbu omillar kelgusida yalpi talabni qo‘llab-quvvatlab, iqtisodiyotdagi narxlar darajasiga bosimni kuchaytirishi mumkin.

Jahon iqtisodiyotidagi noaniqliklar hamda xalqaro savdodagi keskinliklar natijasida ko‘p davlatlarda pul-kredit sharoitlari qatʼiyligi uzoqroq davom etishi kutilmoqda. Shu bilan birga, so‘nggi oylardagi ayrim oziq-ovqatlar jahon narxlari o‘sishi kelgusida ichki narxlarga qo‘shimcha bosim yaratishi ehtimoli mavjud.

Anʼanaviy eksport tovarlari birja narxlarining yuqori darajada saqlanib qolishi va hamkor davlatlarda almashuv kursi mustahkamlanishi eksport tushumlari hamda transchegaraviy pul o‘tkazmalari o‘sishini qo‘llab-quvvatlamoqda. Bu, o‘z navbatida, mamlakatga xorijiy investitsiyalar oqimi oshishi bilan birga ichki valyuta bozorida takliflarning barqaror shakllanishiga xizmat qilib, kelgusi oylarda almashuv kursi tomonidan inflyatsiyaga bosimlarning kamayishiga hissa qo‘shadi.

Pul-kredit sharoitlarining joriy qatʼiylik darajasi saqlab qolinishi kelgusida kreditlash hajmi o‘sishining mo‘tadillashuvi va depozitlarning yuqori o‘sish surʼatlari davom etishini taʼminlaydi. Bu yalpi talabni muvozanatlashtiruvchi va monetar omillarning inflyatsiyaga taʼsirini kamaytiruvchi ahamiyatga ega bo‘ladi.

Yuqorida keltirilgan omillarni hisobga olib, narxlar barqarorligini taʼminlash maqsadida Markaziy bank boshqaruvi asosiy stavkani o‘zgarishsiz, 14 foiz darajasida qoldirish to‘g‘risida qaror qabul qildi. Markaziy bank tomonidan o‘rta muddatli istiqbolda inflyatsiyaning 5 foizlik target darajasigacha pasayishiga erishish uchun pul-kredit sharoitlarining yetarli darajada qatʼiyligi taʼminlanadi.

Iqtisodiyotdagi yalpi talab va ikkilamchi taʼsirlarning narxlarga oshiruvchi bosimlari kelgusi oylarda kutilganidan ko‘ra kuchayishi bo‘yicha ehtimollar va asoslar yuzaga kelgan taqdirda pul-kredit sharoitlari qatʼiyligi qayta ko‘rib chiqilishi mumkin.

2024-yil 25-iyul kuni asosiy stavka yillik 0,5 foiz bandga pasaytirilib, yillik 13,5 foiz darajasida belgilangandi. Asosiy stavka yetti yil ichida birinchi marta 14 foizdan pastga tushgandi. Shundan buyon asosiy stavka miqdori o‘zgarmay kelayotgandi. Markaziy bank boshqaruvi 20-martdagi yig‘ilishida asosiy stavka 0,5 foiz bandga oshirib, 14 foiz darajasida belgilandi. 24-aprelda ham asosiy stavka yillik 14 foiz darajasida o‘zgarishsiz qoldirilgandi. 

Toshkentdanman. Nizomiy nomidagi O‘zbekiston Milliy pedagogika universiteti Chet tillar fakultetini tamomlaganman. “Daryo”da 2019-yildan beri Mahalliy xabarlar bo‘limida muharrir lavozimida ishlayman va O‘zbekistonda ro‘y berayotgan voqealarni kuzatib, yoritib boraman. Tavsiyalarga ko‘ra kino va filmlar ko‘raman. Kitoblardan Charlz Dikkensning “Devid Kopperfild” romanini aynisa qiziqish bilan o‘qiganman.

Telegram kanal@daryoObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar