Shavkat Mirziyoyev 14-iyun kuni AQSH prezidenti Donald Tramp 80 yoshga to‘lgani munosabati bilan tabrik yo‘lladi.
Prezident matbuot xizmatining xabar qilishicha, yubiley ayyomi munosabati bilan yo‘llangan tabrikda davlat rahbari unga mustahkam sihat-salomatlik, oilaviy baxt-saodat, davlatchilik faoliyatida ulkan muvaffaqiyatlar, Amerika xalqiga esa tinchlik-osoyishtalik va farovonlik tiladi.
O‘zbekiston va AQSH o‘rtasidagi munosabatlarning bugungi sur’atiga alohida e’tibor qaratildi. O‘zaro hurmat, ishonch va mushtarak manfaatlarga asoslangan aloqalar so‘nggi yillarda izchil rivojlanib, sifat va mazmun jihatidan yanada boyib borayotgani qayd etildi.
“Bugun O‘zbekiston – AQSH aloqalari har qachongidan ham mustahkam va amaliy ruh kasb etayotgani ham ayni haqiqatdir”, deyiladi maktubda.
Davlat rahbari ochiq va konstruktiv hamkorlikka intilayotgan mamlakat sifatida O‘zbekiston AQSH bilan ko‘p qirrali va strategik sheriklikka asoslangan aloqalarni yanada chuqurlashtirishdan manfaatdor ekanini bildirdi. Jumladan, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga alohida ahamiyat qaratilayotgani qayd etildi.
Prezident Donald Trampning tinchlik va barqarorlikni ta’minlashga qaratilgan xalqaro sa’y-harakatlarini yuksak qadrlashini ta’kidladi. Turli xalqaro va mintaqaviy platformalar doirasidagi ko‘p tomonlama hamkorlik bundan keyin ham rivojlanib, yangi amaliy natijalar bilan boyib borishiga ishonch bildirildi.
Strategik sheriklikning istiqbolli yo‘nalishlarini batafsil muhokama qilish maqsadida Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonga ilk tarixiy tashrif bilan kelishga taklif etdi.








