Oʻzbekistonda kiberjinoyatchilar tomonidan fuqarolarning 2 trillion soʻmdan ortiq pullari talon-taroj qilingan. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi Kiberjinoyatchilikka qarshi kurash departamenti boshligʻi Mirzoxon Zubaydullayev 13-iyundagi Senat majlisida maʼlum qildi.
Aytilishicha, 2025-yil Oʻzbekistondagi jami jinoyatlarning 49,6 foizi kiberjinoyatlar hissasiga toʻgʻri kelgan. Bunday jinoyatlar soni 2021-yildan beri ketma-ket oʻsib kelyapti.
“Oqibatda fuqarolarning 2 trillion soʻmdan ortiq pullari talon-taroj qilingan. Kiberjinoyatlar sodir etish usullari ham tez oʻzgarmoqda. 2021-yildan hozirgacha kiberjinoyatlar turi 18 tadan 64 taga oshgan. 96 foiz holatda elektron toʻlov tizimlari orqali kiberoʻgʻirlik va kiberfiribgarlik holatlari sodir etib kelinyapti”, dedi vazirlik masʼuli.
Qoʻshimcha qilinishicha, hozirda Markaziy bank, Ichki ishlar vazirligi va Bosh prokuratura kiberjinoyatlarga qarshi kurashish boʻyicha hamkorlikda ishlamoqda. Yaratilgan maxsus tizim orqali jarayon nazoratga olingan. Fuqarolar murojaatlari asosida 24 soat ichida kartalarni bloklash imkoniyati yaratilgan.
“Onlayn platforma ishga tushirilishi natijasida fuqarolardan ariza tushishi bilan pul aylanmasini toʻxtatish imkoniyati yaratilgan. Shubhali bank kartalarini darhol bloklanishi orqali vaqt tejalishiga erishildi. Soʻnggi besh oy ichida 1,7 trillion soʻm mablagʻlar noqonuniy ravishda xorijga olib chiqib ketilishining oldi olindi. Jami 10 ming 250 ta jinoyatga aloqador kartalar bloklanishiga erishildi”, dedi vazirlik vakili.
Vazirlik vakili 2026-yilning oʻzida kiberjinoyatlarni fosh etish koʻrsatkichlari 3,5 barobarga, aniqlash ishlari 5 barobarga yaxshilanganini bildirdi.








