Firibgarlikda ayblanib, Moldovada qo‘lga olingan shaxs O‘zbekistonga ekstraditsiya qilindi. Bu haqda IIV matbuot xizmati xabar berdi.
Interpolning O‘zbekiston va Moldova Milliy markaziy byurolari hamkorligidagi muvofiqlashtirilgan tezkor tadbirlar natijasida fuqaro Kishinyov shahrida ushlangan. Zarur ekstraditsiya jarayonlari yakunlangach, qidiruvdagi shaxs jinoiy javobgarlikka tortish uchun O‘zbekistonning vakolatli idoralariga topshirilgan.
Xabarda qidiruvdagi shaxsning yoshi, u qachondan buyon qidirilayotganiga aniqlik kiritilmagan.
May oyining boshlarida o‘ta yirik miqdorda firibgarlik qilgan fuqaro Perudan O‘zbekistonga olib kelingandi. 6-iyun kuni firibgarlik uchun 6 yil qidiruvda bo‘lgan o‘zbekistonlik Turkiyada ushlangani xabar qilingandi. Odam savdosi jinoyatini sodir etib qochib yurgan yana bir nafar o‘zbekistonlik Turkiyada ushlanib, vatanga qaytarilgandi.








