Xalqaro qidiruvda bo‘lgan ikki nafar fuqaro Turkiya hududida qo‘lga olinib, O‘zbekistonga qaytarildi. Bu haqda O‘zbekistonning Istanbul shahridagi bosh konsulxonasi xabar berdi.
Ma’lum bo‘lishicha, qo‘lga olinganlardan biri — Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) bilan ayblanayotgan M.B. bo‘lsa, ikkinchisi Jinoyat kodeksining 104-moddasi (qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish) bo‘yicha qidiruvda bo‘lgan J.B.dir. Turkiyada yashirinib yurgan ushbu shaxslar qonunchilikda belgilangan tartibda O‘zbekistonga olib kelingan.
Ular tergov va sud jarayonlarini davom ettirish uchun vakolatli organlarga topshirildi.
Uch yildan beri qidiruvda bo‘lgan O‘zbekiston fuqarosi AQSHda ushlanib, deportatsiya qilingandi. Boshqa bir vaziyatda esa o‘ta yirik miqdordagi firibgarlikni sodir etgani uchun qidiruvda bo‘lgan o‘zbekistonlik Gruziyada qo‘lga olinib, ekstraditsiya qilingan.








