Farg‘ona shahrida svetoforning taqiqlovchi ishorasiga amal qilmay piyodani urib yuborgan motosikl haydovchisiga hukm o‘qildi. Bu haqda Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati xabar qildi.
Maʼlum qilinishicha, yo‘l-transport hodisasi Farg‘ona shahar “Jo‘ydam” mahallasi hududidan o‘tuvchi Farg‘ona ko‘chasida soat 19:30 larda sodir bo‘lgan. 29 yoshli haydovchi tegishli toifadagi guvohnomaga, shuningdek, davlat raqam belgisi va texnik pasportga ega bo‘lmagan motosiklni boshqarib kelayotgan bo‘lgan. U svetoforning qizil chirog‘iga eʼtibor bermay, o‘z yo‘lidan o‘tayotgan piyodani urib yuborgan.
Jabrlanuvchi hodisa oqibatida hayotdan ko‘z yumgan. Marhum asli rishtonlik bo‘lib, Farg‘ona shahridagi oliygohlardan birining talabasi bo‘lgan.
Sud hukmiga ko‘ra, sudlanuvchiga 3 yil muddatga barcha turdagi transport vositalarini boshqarish huquqidan mahrum qilgan holda, 5 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Shuningdek, sudlanuvchidan jabrlanuvchining qonuniy vakili foydasiga 44 million so‘m moddiy hamda 100 million so‘m maʼnaviy zarar undirilishi belgilandi.
Avvalroq Bekobodda mashinasida fuqaroni urib yuborib, jasadni kanalga oqizgan sobiq IIB xodimiga hukm o‘qilgani ham xabar qilingandi. Murda 80 kun deganda Do‘stlik kanalidan topilgan.








