Ko‘p miqdorda firibgarlik qilgani uchun 6 yildan beri qidiruvda bo‘lgan ayol Turkiyada qo‘lga olindi. Bu haqda IIV matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismida (ko‘p miqdorda firibgarlik) ko‘rsatilgan jinoyatni sodir etib, 2020-yildan buyon qidiruvda bo‘lgan ayol Turkiyada yashirinib yurgani aniqlanib qo‘lga olindi va O‘zbekistonga qaytarildi.
U o‘zi tashkil etgan MCHJga fuqarolarni xorijiy davlatlarga ishga yuborish bo‘yicha tegishli litsenziyaga ega bo‘lmasdan, ularni AQSH va Yevropa davlatlariga yaxshi ish haqi to‘lanadigan ishlarga ishlash uchun yuborishini aytib, aldab kelgan. Sodir etayotgan firibgarlik jinoyatini yashirib fuqarolarga turli xildagi xizmatlarni ko‘rsatish to‘g‘risida shartnomalar tuzish orqali ularning ishonchiga kirib, katta miqdordagi pullarni aldov yo‘li bilan qo‘lga kiritgan va o‘zining shaxsiy ehtiyojlariga ishlatib yuborgan.
O‘zbekistonning Istanbuldagi Bosh konsulxonasining xabar qilishicha, bundan tashqari, Jinoyat kodeksining 135-moddasi (odam savdosi) jinoyatini sodir etib qochib yurgan yana bir nafar shaxs ushlanib, vatanga qaytarildi.
O‘zbekiston va Turkiya huquqni muhofaza qiluvchi organlari o‘rtasidagi samarali hamkorlik natijasida hozirda yana bir nechta qidiruvdagi shaxslarni aniqlash, ushlash va O‘zbekistonga qaytarish bo‘yicha tegishli protsessual hamda tezkor-qidiruv tadbirlari davom ettirilmoqda.
May oyida o‘ta yirik miqdordagi firibgarlik uchun qidiruvda bo‘lgan o‘zbekistonlik Gruziyada ushlanib, ekstraditsiya qilingandi.
Firibgarlik uchun 6 yil qidiruvda bo‘lgan o‘zbekistonlik Turkiyada ushlandi
U AQSH va Yevropa davlatlariga yaxshi ish haqi to‘lanadigan ishlarga yuborishini aytib, fuqarolarni aldab kelgan. Odam savdosida ayblangan yana bir fuqaro ham qo‘lga olindi.
1 daqiqa o‘qish5 558 ko‘rishlar0 izoh1








