Toshkentning Sergeli tumanida joylashgan avtomobil bozori atrofidagi tirbandliklarni kamaytirish maqsadida transport harakatini tashkil etishning yangi sxemasi joriy etilmoqda. Bu haqda Yagona harakatni tashkil etish markazi xabar berdi.
Qayd etilishicha, ushbu bozor poytaxtdagi eng yirik transport oqimi shakllanadigan hududlardan biri hisoblanadi. Majmua 5 400 ta avtomobilga mo‘ljallangan bo‘lib, uning Yangi Sergeli ko‘chasiga tutash kirish va chiqish yo‘llaridan kuniga 1 500 dan ortiq avtomobil foydalanadi. Bu esa yillar davomida mazkur ko‘chada tirbandliklar va harakatning sekinlashishiga sabab bo‘lib kelgan.
Muammoni hal etish maqsadida bozor hududi bo‘ylab qo‘shimcha lokal yo‘l qurilmoqda. Yangi sxemaga ko‘ra, avtomobillar bozorga kirishda asosiy yo‘ldan oldinroq ajralib chiqib, lokal yo‘l orqali harakatlanadi. Bozordan chiqayotgan transport vositalari ham avval ushbu yo‘lga chiqib, keyin umumiy oqimga qo‘shiladi.
YHTEMga ko‘ra, bu yechim Yangi Sergeli ko‘chasidagi asosiy transport oqimini bozor transportidan ajratish, keskin tormozlanish va burilishlar sonini kamaytirish hamda harakatni yanada tartibli tashkil etishga xizmat qiladi. Natijada ko‘chaning o‘tkazuvchanlik qobiliyati oshishi va tirbandliklar kamayishi kutilmoqda.
Loyiha doirasida piyodalar va velosipedchilar uchun alohida infratuzilma ham yaratilmoqda. Bundan tashqari, bozor ichidagi avtoturargohlarni tartibga solish ishlari olib borilib, 2 mingdan ortiq avtomobil joyiga mo‘ljallangan yo‘l chiziqlari chizilgan.
Yangi harakat sxemasi jamoat transporti harakatini tezlashtirish, piyodalar xavfsizligini oshirish va Sergeli tumanidagi transport yuklamasini kamaytirishga xizmat qilishini ta’kidlandi.
May oyi o‘rtalarida ushbu avtobozorda “aqlli” kameralar va raqamli nazorat tizimi joriy etila boshlangani haqida xabar berilgandi. Ushbu tizim yordamida bozorga kirib-chiqayotgan transport vositalari hisobi yuritilishi, davlat raqam belgilari aniqlanishi hamda avtomobillarning savdo maydonlariga joylashuvi nazorat qilinishi rejalashtirilgan.








