Daryo

Sergeli avtobozorida “aqlli” kameralar va raqamli nazorat tizimi joriy etilmoqda

Tizim orqali avtomobillar harakati, avtoturargohlar bandligi va xavfsizlik holati onlayn kuzatiladi. Hudud 9 ta funksional blokka ajratilib, yangi yo‘llar, avtoturargohlar va mobil ilova ustida ish olib borilmoqda.

2 daqiqa o‘qish4 609 ko‘rishlar0 izoh1

Toshkentdagi Sergeli avtobozorida “aqlli” kameralar va raqamli nazorat tizimi joriy etilmoqda. Bu haqda Bojxona qo‘mitasi ma’lum qildi.

Qayd etilishicha, hozirda bozor hududida zamonaviy “Situatsion markaz” tashkil etilgan. Mazkur markaz orqali hududga kirib-chiqayotgan avtomobillar harakati, savdo jarayonlari, avtoturargohlar bandligi, kuzatuv kameralari orqali xavfsizlik holati hamda tadbirkorlik subyektlari faoliyatini onlayn monitoring qilish imkoniyati yaratiladi.

Foto: Bojxona qo‘mitasi

Shuningdek, raqamli nazorat tizimini joriy etish doirasida “aqlli” kameralarni o‘rnatish va kabel tarmoqlarini tortish ishlari bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda. Ushbu tizim yordamida bozorga kirib-chiqayotgan transport vositalari hisobi yuritilishi, davlat raqam belgilari aniqlanishi hamda avtomobillarning savdo maydonlariga joylashuvi nazorat qilinishi rejalashtirilgan.

Bozor hududida boshqaruv va raqamlashtirish tizimini yo‘lga qo‘yish maqsadida hudud 9 ta funksional blokka ajratilgan. Ayrim bloklar avtomobil savdosi, boshqalari esa vaqtinchalik va doimiy avtoturargoh sifatida qayta tashkil etilgan. Bundan tashqari, ma’muriy binolar hamda ehtiyot qismlar savdosi uchun alohida hududlar belgilangan.

Foto: Bojxona qo‘mitasi

Ma’lum qilinishicha, bozor infratuzilmasini tartibga keltirish doirasida mavjud omborxonalar va avtoservislarni qayta tashkil etish rejalashtirilgan. Hududdagi tartibsiz joylashtirilgan konteynerlar xatlovdan o‘tkazilib, ularning 100 dan ortig‘i tartibli joylashtirilgan. Shuningdek, konteynerlarning tashqi ko‘rinishini yaxshilash va tadbirkorlar uchun qulaylik yaratish maqsadida zamonaviy talablar asosida “namunaviy konteyner” ishlab chiqilgan.

Bozorga kirish uchun qo‘shimcha yondosh yo‘l loyihasi ishlab chiqilib, hududda asfaltlashtirish ishlari olib borilmoqda hamda avtomobillar uchun yangi joylashuv o‘rinlari tashkil etilmoqda. Shu bilan birga, bozor hududidagi savdo do‘konlari, xizmat ko‘rsatish shoxobchalari va boshqa inshootlar soliq hamda kadastr mutaxassislari ishtirokida qayta xatlovdan o‘tkazilmoqda.

Foto: Bojxona qo‘mitasi

Fuqarolar uchun qulaylik yaratish maqsadida avtomobillarni oldindan joylashtirish imkonini beruvchi mobil ilova ham ishlab chiqilgan. Hozirda dasturga tegishli ma’lumotlarni kiritish ishlari davom etmoqda.

Avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda xalq orasida “Kadishev bozori” nomi bilan tanilgan “Aviasozlar” bozori hududida savdo rastalari buzilayotgani haqida xabarlar tarqaldi. Holat yuzasidan Toshkent shahar hokimligi buni rad etgan.

Bozor atrofida savdo qiluvchilarga ichki hududdan maxsus ajratilgan qonuniy joylar taklif etilgan. Hududda keyinchalik obodonlashtirish, ko‘kalamzorlashtirish ishlarini olib borish va avtoturargoh tashkil etish rejalashtirilgan.

Navoiydanman. Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetining Internet jurnalistika yoʻnalishini tamomlaganman. “Daryo”da 2026-yildan buyon Mahalliy xabarlar boʻlimida muharrir sifatida faoliyat yuritib, yangiliklar va jamlanmalar yozaman. Zemekisning “Forrest Gamp” filmini 20 martadan koʻproq tomosha qilganman. Kafkaning “Qalʼa” romanini qayta-qayta oʻqiyman.

Telegram kanal@daryoObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar