Pokiston 10-iyun kuni Afg‘oniston sharqiga havo zarbalari berganini rasman tasdiqladi. Operatsiya chegara bo‘ylab jangarilar boshpanalariga qarshi qaratilgan. Unda “Tahriki Tolibon Pokiston” (TTP) guruhining 26 nafar a’zosi halok bo‘lgan. Bu haqda The Dawn nashri xabar berdi.
Pokiston axborot vaziri Attaulloh Tarar bu haqda bayonot berdi. Uning aytishicha, zarbalar Pokistonga yo‘llangan so‘nggi hujumlarga javoban amalga oshirilgan. Vazir bunga misol qilib quyidagi hujumlarni keltirdi:
- 2-iyun kuni Shimoliy Vaziristondagi harbiy postga avtomashina orqali qilingan xudkushlik hujumi;
- 9-may kuni Bannu shahridagi politsiya mahkamasiga qilingan xudkushlik hujumi.
Tarar Pokiston kuchlari Afg‘oniston va Pokiston o‘rtasidagi chegara hududlarida jangarilar boshpanalariga “aniq va rejalashtirilgan zarbalar” berganini aytdi.
“Ishonchli razvedka ma’lumotlariga tayanib, lagerlar va yashirin joylar aniq nishonga olindi”, dedi vazir.
Bayonotga ko‘ra, jami to‘rtta nishon yo‘q qilingan. Ular — bitta o‘quv markazi, bitta yashirin hudud, o‘q-dorilar ombori hamda jangari qo‘mondonlar Alim Xan Xushali va Axtar Muhammad Jani Xelga tegishli ekani aytilayotgan obyektlardir.
Pokiston tomoni ushbu operatsiyada 26 nafar jangari o‘ldirilganini bildirdi. Bu harakatlar hukumatning terrorizmga qarshi “Azmi Istehkom” strategiyasi doirasida amalga oshirilgan.
Pokiston bu xabarni “Tolibon” bayonotidan bir necha soat o‘tib tasdiqladi. Avvalroq “Tolibon“ Pokiston tunda Kunar, Xost va Paktika viloyatlariga havo zarbalari berganini ma’lum qilgan edi.
“Tolibon” matbuot kotibi Zabihulloh Mujohidning so‘zlariga ko‘ra, zarbalar oqibatida kamida 13 nafar tinch aholi vakili halok bo‘lgan. Qurbonlarning 11 nafari bolalar, biri ayol va yana biri keksa erkak kishidir. Shuningdek, yana 14 kishi jarohatlangan.
Mujohid Pokiston tinch aholi yashash joylarini nishonga olganini aytdi va bu hujumlarni Afg‘oniston suverenitetini buzish deb qoraladi. Pokiston o‘z bayonotida “Tolibon”ning tinch aholi o‘rtasidagi qurbonlar haqidagi da’volariga munosabat bildirmadi.








