Pokiston mudofaa vaziri Xavojа Osif agar Islomobod va “Tolibon” o‘rtasidagi davom etayotgan muzokaralar natijasiz yakunlansa, Pokiston Afg‘oniston bilan ochiqchasiga urushga kirishishini ta’kidladi. U bu haqda 25-oktyabr kuni Sialkot shahrida jurnalistlar bilan suhbatda ma’lum qildi.
Osifning bayonoti “Tolibon” va Pokiston o‘rtasida Istanbulda muzokaralar o‘tkazilayotgan paytda yangragan. U ilgari Dohadagi muzokaralarda Pokiston delegatsiyasiga rahbarlik qilgandi. O‘shanda “Tolibon” tomonidan Afg‘oniston mudofaa vaziri Yoqub Mujohid va Abdul Haq Vasik vakillik qilgan. Doha uchrashuvida tomonlar darhol o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga erishgan. Ayni paytda esa bitimni amalga oshirish tafsilotlari Istanbulda muhokama qilinmoqda.
“Biz bilan Doha shahrida muzokara olib borganlarning barchasi Pokistonda ulg‘aygan. Afg‘onlar mamlakatimizda 40 yil mehmon bo‘ldi, ammo hozir ular nega bizga nisbatan bunday munosabatda bo‘layotganini tushunmayapman. Afg‘on ‘Toliboni’ hozir Pokistonga qarshi Hindistonning vositachisiga aylanmoqda”, degan Xavojа Osif.
Unga ko‘ra, afg‘on immigrantlari Pokistonning mehnat bozori va savdo sohasida katta ulushga ega.
“Bizning yagona maqsadimiz qo‘shni sifatida tinch, birodarlik va hurmat asosida yashash bo‘lishi kerak”, degan u.
Osif, shuningdek, so‘nggi kunlardagi vaziyatga to‘xtalib quyidagicha munosabat bildirgan:
“So‘nggi to‘rt-besh kun ichida hech qanday hodisa yuz bermadi, ammo agar muzokaralar natijasiz yakunlansa, biz ochiqchasiga urushga kirishamiz”, degan u.
Doha kelishuvidan so‘ng, Pokistonning “Tahriki Tolibon Pokiston” (TTP) guruhi hujumlarini to‘xtatgan. Shundan beri ushbu guruh Xaybar-Paxtunxva provinsiyasida Pokiston xavfsizlik kuchlariga qarshi hech qanday hujum uyushtirmagan.
Istanbuldagi hozirgi bosqichda “Tolibon”ning ichki ishlar, mudofaa va tashqi ishlar vazirliklaridan olti nafar vakil hamda Pokistondan yetti nafar diplomat va xavfsizlik rasmiysi ishtirok etmoqda. Tomonlar Doha kelishuvi bandlarini amalga oshirish mexanizmlarini muhokama qilmoqda.
Pokiston “Tolibon”dan TTP faoliyatini Afg‘oniston hududida to‘xtatishni talab qilgan bo‘lsa, “Tolibon” Islomoboddan ularning raqib guruhlariga yordam berishni to‘xtatishni so‘ragan.








