Daryo

Pokiston Afg‘oniston hududiga aviazarbalar berdi: 13 kishi halok bo‘ldi

“Tolibon” hukumati matbuot kotibi Zabihulloh Mujohidning ma’lum qilishicha, halok bo‘lganlar orasida 11 nafar bola, bir ayol va bir keksa erkak bor. Yana 14 kishi yaralangan.

2 daqiqa o‘qish5 524 ko‘rishlar0 izoh1

Afg‘onistondagi “Tolibon” hukumati Pokiston harbiylarini mamlakatning Kunar, Xost va Paktika viloyatlariga bergan aviazarbalari oqibatida kamida 13 kishi halok bo‘lganida aybladi. Qurbonlarning aksariyati bolalar ekani aytilmoqda. Bu haqda Al Jazeera yozmoqda.

“Tolibon” hukumati matbuot kotibi Zabihulloh Mujohidning ma’lum qilishicha, halok bo‘lganlar orasida 11 nafar bola, bir ayol va bir keksa erkak bor. Yana 14 nafar ayol va bola yaralangan.

“Biz ushbu gumanitar jinoyat va tajovuzkorlik harakatini qat’iy qoralaymiz”, dedi Mujohid.

Pokiston tomoni hozircha mazkur zarbalar yuzasidan rasmiy izoh bermadi.

Zarbalar turar joylarga berilgani aytilmoqda

AFP agentligining Xost viloyatidagi manbasiga ko‘ra, Spera tumanidagi uyga berilgan zarba oqibatida to‘qqiz kishi halok bo‘lgan, yana o‘n kishi yaralangan.

Qo‘shni Paktika viloyatining Barmal tumanida esa yana bir hujum oqibatida uch nafar tinch aholi halok bo‘lgan. Mahalliy aholi vakillarining aytishicha, zarba turar joyga berilgan va qurbonlar bolalar bo‘lgan.

Hujumlar TTP hujumidan keyin sodir bo‘ldi

Aviatsiya zarbalari Pokistonning Xayber Paxtunxva viloyatida joylashgan Hasanxel hududidagi xavfsizlik postiga uyushtirilgan hujum ortidan amalga oshirildi.

Rasmiy Islomobodga ko‘ra, hujumni “Pokiston Toliboni” harakati (TTP) jangarilari amalga oshirgan. To‘qnashuvlarda Pokiston Federal Konstabulyariyasining olti nafar xodimi halok bo‘lgan, yana bir necha kishi yaralangan.

Pokiston avval ham Afg‘oniston hududiga zarbalar berganini tan olib, ularning nishoni TTP jangarilari bo‘lganini bildirgan.

Ikki davlat o‘rtasidagi ziddiyat davom etmoqda

Pokiston va Afg‘oniston o‘rtasidagi munosabatlar 2021-yilda “Tolibon” hokimiyatga qaytganidan buyon murakkabligicha qolmoqda.

Islomobod Afg‘onistonni Pokiston hududida hujumlar uyushtirayotgan TTP jangarilariga boshpana berishda ayblab keladi. Kobul esa bu ayblovlarni rad etib, aksincha Pokiston Afg‘oniston suverenitetini hurmat qilmayotganini ta’kidlaydi.

BMT ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yilning dastlabki uch oyida Pokiston va Afg‘oniston o‘rtasidagi chegara to‘qnashuvlari oqibatida kamida 372 nafar afg‘onistonlik tinch aholi halok bo‘lgan, yana 397 kishi yaralangan.

Tomonlar mart oyida sulh bo‘yicha kelishuvga erishgan edi, biroq keyinchalik har ikki tomon bir-birini kelishuvni buzishda aybladi. Natijada sulh amalda barbod bo‘ldi.

Toshkent tumanida tug‘ilganman. Chirchiq davlat pedagogika universitetida ta'lim olganman. 2024-yil oktyabr oyidan buyon “Daryo”da muxbir lavozimida ishlayman. Asosan tahliliy maqolalar tayyorlash va intervyular bilan shug‘ullanaman. Sevimli filmlarim: “Forrest Gamp”, “Uzuklar hukmdori”, “Anna”, “Shoushenkdan qochish” Sevimli kitoblarim: “O‘tkan kunlar”, “Anna Karenina”, “Tirilish”, “Buyuk shaxmat taxtasi”, “Graf Monta Kristo”.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar