Daryo

O‘zbekistonda besh yilda oltin zaxirasi 879 tonnaga oshiriladi

Geologik ma’lumotlarni yagona elektron bazaga jamlash va ularni 3D modellar orqali tahlil qilish tizimini yaratish ham rejalashtirilmoqda.

1 daqiqa o‘qish6 130 ko‘rishlar0 izoh3

O‘zbekistonda kelgusi besh yil davomida oltin zaxirasini qo‘shimcha 879 tonnaga oshirish bo‘yicha ishlar boshlangan. Bu haqda Shavkat Mirziyoyevga tog‘-kon sanoati va geologiya sohasida raqamli texnologiyalarni joriy etish yuzasidan o‘tkazilgan taqdimotda ma’lum qilindi.

Qayd etilishicha, oltin bilan bir qatorda kumush zaxirasini qo‘shimcha 510 tonnaga, mis zaxirasini esa 676 ming tonnaga oshirish rejalashtirilgan. Ushbu natijalarga geologiya-qidiruv ishlarini kengaytirish, mavjud ma’lumotlarni raqamlashtirish va sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish orqali erishish ko‘zda tutilmoqda.

Ma’lum qilinishicha, geologik ma’lumotlarni tezkor tahlil qilish, foydali qazilmalarni prognozlash, zaxiralarni aniq hisoblash hamda burg‘ilash ishlari samaradorligini oshirish uchun sun’iy intellekt yechimlari qo‘llanadi. Bu yangi konlarni aniqlash imkoniyatlarini kengaytiradi va geologiya-qidiruv jarayonlarini tezlashtirishi ta’kidlandi.

Shuningdek, geologik ma’lumotlarni yagona elektron bazaga jamlash va ularni 3D modellar orqali tahlil qilish tizimini yaratish rejalashtirilmoqda. Buning uchun Geologik ma’lumotlar milliy bazasi tashkil etilib, mavjud 36 mingdan ortiq hisobot va birlamchi ma’lumotlar raqamlashtiriladi.

Prezident sohada texnologik transformatsiyani jadallashtirish, ishlab chiqarish jarayonlarida sun’iy intellektdan keng foydalanish va geologiya-qidiruv ishlarining samaradorligini oshirish bo‘yicha tegishli topshiriqlar berdi.

Ushbu taqdimotda O‘zbekiston 2030-yilgacha geologiya va tog‘-kon sanoatiga 30 milliard dollardan ortiq investitsiya jalb qilishi rejalashtirilayotgani ham ta’kidlangandi. Buning uchun geologik ma’lumotlarni to‘liq raqamlashtirish va sun’iy intellekt texnologiyalarini keng joriy etish ko‘zda tutilgan.

Telegram kanal@daryoObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar