Daryo

Buxoroda tergov hibsxonasining ayrim xodimlariga nisbatan tekshiruv boshlandi

U yerda saqlanayotgan shaxsga nisbatan qiynoq qo‘llangani haqidagi xabarlardan so‘ng holat ombudsman nazoratiga olindi. Murojaatda ko‘rsatilgan shaxsga sud-tibbiy ekspertiza tayinlangan.

1 daqiqa o‘qish6 665 ko‘rishlar0 izoh4

Ijtimoiy tarmoqlarda Buxoro viloyatidagi 4-son tergov hibsxonasida saqlanayotgan shaxsga nisbatan qiynoq qo‘llanilayotgani va undan majburiy ko‘rsatma olinayotgani haqidagi xabarlar ombudsman tomonidan o‘rganildi.

Qayd etilishicha, mazkur holat ombudsman nazoratiga olingan. Ombudsmanning Buxoro viloyatidagi mintaqaviy vakili qonunchilikda belgilangan vakolatlari doirasida tergov hibsxonasiga borib, o‘rganish ishlarini olib borgan.

O‘rganish davomida murojaatda tilga olingan shaxs bilan holi tarzda suhbat o‘tkazilgan. Shuningdek, uning saqlanish sharoitlari, murojaatda keltirilgan vajlar hamda tanasida tan jarohatlari alomatlari mavjud yoki mavjud emasligi masalalari o‘rganilgan.

Ma’lum qilinishicha, holat yuzasidan 4-son tergov hibsxonasining ayrim xodimlariga nisbatan tergovga qadar tekshiruv harakatlari boshlangan. Bundan tashqari, murojaatda ko‘rsatilgan shaxsga sud-tibbiy ekspertiza tayinlangan.

Foto: Ombudsman axborot xizmati

O‘rganish jarayonida to‘plangan hujjatlar Jinoyat-protsessual kodeksi talablari asosida protsessual tartibda ko‘rib chiqish uchun Buxoro viloyati prokuraturasiga taqdim etilgan.

Ombudsman mazkur holat yuzasidan olib borilayotgan o‘rganish va tekshiruvlar natijalarini o‘z vakolati doirasida nazorat qilib borishini ma’lum qildi.

2025-yilda Oʻzbekistonda harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslarni qiynoqqa solgan toʻrt nafar xodimiga nisbatan jinoiy ish ochilgani haqida xabar berilgandi.

Yil davomida ombudsman harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslarga nisbatan ruhiy va jismoniy bosim oʻtkazgan xodimlar boʻyicha shikoyatlarni oʻrgangan. Aniqlangan holatlar yuzasidan tegishli tashkilotlarga taʼsir choralari kiritgan.

Telegram kanal@daryoObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar