Eron bilan bogʻliq mojaro va Hormuz boʻgʻozidan harakatlanish cheklangani sababli global neft zaxiralari rekord darajada qisqarmoqda. Bu haqda yirik banklar va tahliliy kompaniyalar baholariga tayanib, Bloomberg xabar berdi.
Tahlilchilar dunyo iqtisodiyoti o‘zining asosiy “zaxira jamg‘armasini” shiddat bilan yoʻqotayotganidan ogohlantirmoqda. Hormuz yopilganidan keyin ikki oy ichida dunyo bir milliard barreldan ortiq xomashyo yetkazib berishdan mahrum bo‘ldi.
Morgan Stanley ma’lumotlariga ko‘ra, 1-martdan 25-aprelgacha jahon neft zaxiralari kuniga taxminan 4,8 million barrelga kamaydi. Bu Xalqaro energetika agentligi tomonidan kuzatuvlar tarixida qayd etilgan eng katta choraklik qisqarishdir. Pasayishning qariyb 60 foizi xom neftga, qolgan qismi esa neft mahsulotlari hissasiga to‘g‘ri kelgan.
JPMorgan kompaniyasining xomashyo bozorlari bo‘yicha tadqiqotlar rahbari Natasha Kanevaning ta’kidlashicha, neft zaxiralari global energetika tizimining “amortizatori” vazifasini o‘taydi, biroq ularning darajasini nolga tushirib boʻlmaydi. Chunki quvurlar va terminallar ishlashi uchun minimal miqdor doimo saqlanishi zarur.
JPMorgan tahlillariga ko‘ra, agar Hormuz bo‘g‘ozi yaqin haftalarda yopiq qolsa, iyun oyidayoq IHTT (Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti) mamlakatlari ”operatsion stress”ga duch kelishi, sentyabrga kelib esa zaxiralari kritik darajagacha tushishi mumkin. Hozirda Osiyoning importga qaram mamlakatlari — Indoneziya, Vyetnam, Pokiston va Filippin eng zaif bo‘g‘in bo‘lib turibdi. Treyderlar ushbu hududlarda bir oy ichida yoqilg‘i taqchilligi yuzaga kelishi mumkinligidan ogohlantirmoqda.
Yevropada bir vaqtning o‘zida yozgi sayyohlik mavsumi oldidan aviatsiya yoqilg‘isi zaxiralari tez tugab bormoqda. Insights Global ma’lumotlariga ko‘ra, Amsterdam—Rotterdam—Antverpen xabida kerosin zaxiralari so‘nggi olti yil ichidagi eng past darajaga tushdi. AQSH ham o‘z zaxiralarini sarflashda davom etmoqda. Agar Vashington bozorga e’lon qilingan hajmlarni to‘liq chiqarsa, mamlakatning strategik neft zaxirasi 1982-yildan beri eng minimal ko‘rsatkichga tushishi mumkin.
AQSHda qazib olish hajmi oshganiga qaramay, neft kompaniyalari bu zaxiralarning qisqarishini tezda to‘xtatib bo‘lmasligi haqida ogohlantirmoqda. Hatto Hormuz bo‘g‘ozi ochilgan taqdirda ham, Fors ko‘rfazidan neft yetkazib berish hajmi odatdagi holatiga qaytishi uchun uzoq vaqt talab etiladi.
Urush allaqachon neft va yoqilg‘i narxlarining keskin oshishiga, inflyatsiya bosimi kuchayishiga va global retsessiya xavfi ortishiga sabab bo‘ldi. Jumladan, Hindistonda suyultirilgan gaz tanqisligi kuzatilmoqda, aviakompaniyalar parvozlarni qisqartirmoqda, AQSHda benzin narxi o‘sishda davom etmoqda. Tahlilchilarga koʻra, zaxiralar kamaygani sayin neft narxi yanada ko‘tarilishi mumkin. Bu esa jahon bozorida yoqilg‘iga bo‘lgan talabning majburiy tarzda pasayishiga olib keladi.








