Shavkat Mirziyoyev 4-iyun kuni amaliy tashrif bilan Sankt-Peterburg shahriga bordi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
“Pulkovo” xalqaro aeroportida oliy martabali mehmonni Rossiya hukumati raisining birinchi oʻrinbosari Denis Manturov, shahar gubernatori Aleksandr Beglov hamda boshqa rasmiylar kutib oldi.
Tashrif doirasida bugun Oʻzbekiston yetakchisi Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashuv oʻtkazadi hamda mamlakatimizda birinchi integratsiyalashgan atom elektr stansiyasi reaktorining qurilishini boshlash marosimida ishtirok etadi.
5-iyun kuni davlat rahbari 29-Peterburg xalqaro iqtisodiy forumining asosiy tadbirlarida ishtirok etishi koʻzda tutilgan.








