Daryo

“Ukrainada hammasi shunday boshlangan” — Lukashenko Armanistonga tahdid qildi

Belarus prezidenti Armaniston xalqini Yevrosiyo ittifoqi va Yevropa o‘rtasida tanlov qilishda “juda ehtiyotkor” bo‘lishga chaqirib, “Ukraina taqdiri takrorlanishi”dan ogohlantirdi.

2 daqiqa o‘qish8 330 ko‘rishlar0 izoh6

Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko Armaniston xalqini Yevrosiyo ittifoqi va Yevropa o‘rtasida tanlov qilishda “Ukrainada sodir bo‘lgan voqeani takrorlamaslik” uchun “juda ehtiyotkor” bo‘lishga chaqirdi. Bu haqda “Belta” xabar berdi.

Lukashenkoning fikricha, Armanistonning Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqidan (YOII) chiqishi va Yevropa Ittifoqi bilan yaqinlashishi mumkinligi haqidagi bayonotlar Armanistonda 7-iyun kuni bo‘lib o‘tadigan parlament saylovlari munosabati bilan yangramoqda. U Armaniston rahbariyatining bayonotlarida “YOIIni kamsitish” kuzatilayotganini qayd etdi.

“Armanlar juda ehtiyotkor bo‘lishlari kerak, Xudo ko‘rsatmasin, Ukrainada sodir bo‘lgan voqea takrorlanmasin... Ukrainada hammasi xuddi shunday boshlangan edi. Siz buni eslaysiz. Urushdan endigina chiqqan armanlar shu sababli og‘ir vaziyatga tushib qolmasligi kerak. Shoshilish kerak emas. Shunchaki o‘ylab ko‘rish kerak, dono xalq bo‘lish kerak. Bunday qadam qo‘yishdan oldin arman xalqi juda jiddiy o‘ylab ko‘rishi lozim. Men ularni faqat shunga da’vat etaman. Xalq o‘z fikrini aytsa, biz unga qo‘shilamiz”, dedi Lukashenko.

Armanistonda bo‘lajak parlament saylovlari fonida Moskva va Yerevan o‘rtasidagi munosabatlar keskin yomonlashdi. Rossiya Armanistonning amaldagi bosh vaziri Nikol Pashinyanni g‘arbparastlikda ayblamoqda. Shuningdek, Rossiyaning “Tashir” sanoat-qurilish guruhi rahbari, tadbirkor Samvel Karapetyanni ham saylovga kiritishni talab qilmoqda.

Rossiya, Belarus, Qozog‘iston va Qirg‘iziston rasmiylari 29-may kuni qo‘shma bayonot e’lon qilib, Armanistondan referendum o‘tkazish va mamlakatning YOIIda qolishi masalasini hal qilishni talab qildi. Ularning fikricha, Yerevanning Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lishga tayyorgarligi YOII mamlakatlari uchun “iqtisodiy xavfsizlikka jiddiy xavf tug‘diradi”. Bayonot mualliflarining fikricha, ular “bu bilan bog‘liq zararning oldini olishi” kerak.

Ostonada bo‘lib o‘tgan YOII sammiti yakunlari bo‘yicha matbuot anjumanida Rossiya prezidenti Vladimir Putin Ukrainadagi inqiroz hozir Armanistonda sodir bo‘layotgan vaziyatga o‘xshash vaziyatdan boshlanganini aytdi.

“Men bu haqda aytib o‘tdim. Ukrainadagi inqiroz qachonlardir Ukrainaning Yevropa Ittifoqiga qo‘shilishga urinishi bilan boshlangan. Biz qarshi emasdik-ku”, dedi u.

7-iyun kuni Armanistonda parlament saylovlari bo‘lib o‘tadi. Unda amaldagi bosh vazir Nikol Pashinyan yetakchilardan biri sifatida ishtirok etadi. So‘nggi bir necha yil ichida Armaniston Yevropa Ittifoqi bilan yaqinlasha boshladi. Saylovlardan ikki hafta oldin Pashinyanni Donald Tramp ham qo‘llab-quvvatlagan. Rossiya Pashinyanni g‘arbparast siyosat yuritishda ayblab, Armanistonda tergov ostida bo‘lgan tadbirkor Samvel Karapetyanning saylovlarda ishtirok etishiga ruxsat berilishini talab qilmoqda.

May oyi oxirida Rossiya Yerevanning Yevropa Ittifoqi bilan yaqinlashuvi tufayli Armanistonga neft va gaz yetkazib berishni to‘xtatish bilan tahdid qildi. Shu bilan birga, “Rosselxoznadzor” bir necha kun davomida turli bahonalar bilan Armanistondan Rossiyaga bir qator mahsulotlar — gullar, sabzavotlar, qulupnay va “Jermuk” mineral suvining olib kirilishini taqiqladi.

Karimova Zulfiya Abduhakim qizi. 1999-yilda Toshkent shahrida tavallud topgan. Millati — o‘zbek. 2023-yilda O'zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetining xalqaro jurnalistika yo'nalishi bakalavr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar