Daryo

Lukashenko Ukrainaga qo‘shin yubormaslikka va’da berdi

Belarus prezidenti mamlakat harbiylari hech qachon qo‘shni davlatdagi qirg‘inbarotga safarbar etilmasligini bildirib, Minsk har doim nizolarni tinch yo‘l bilan hal qilish tarafdori ekanini aytdi.

1 daqiqa o‘qish3 357 ko‘rishlar0 izoh4

Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko mamlakat harbiylari Ukrainadagi jangovar harakatlarga yuborilmasligini aytdi. U bu bayonotni oliy harbiy ta’lim muassasalari bitiruvchilari va yuqori martabali ofitserlarni taqdirlash marosimida berdi. Bu haqda “RBK” xabar berdi.

“Yana bir bor ta’kidlab aytaman, aziz o‘rtoqlar, hech kim sizni bu qirg‘inbarotga yubormaydi. Bizga urush kerak emas. Ukrainada urush bo‘layotgani yomon holat. Biz vaziyatning tinch yo‘l bilan hal etilishini qo‘llab-quvvatlaymiz”, dedi Lukashenko.

Uning fikricha, xalqaro miqyosdagi “urush partiyasi” Ukrainadagi mojaroni uzaytirishga harakat qilmoqda. Lukashenko, shuningdek, Yevropa Ittifoqini harbiylashib borayotganlikda va hujumkor qurollar sotib olayotganlikda aybladi.

Lukashenko Belarusning Ukrainadagi mojaroga aralashish niyati yo‘qligini bir necha bor ta’kidlagan. U may oyida mamlakat faqat o‘ziga nisbatan tajovuz sodir etilgan taqdirdagina harbiy harakatlarga qo‘shilishini aytgandi. Shu bilan birga, Belarus prezidenti Ukraina bilan chegara xavfsizligini kuchaytirish zarurligini qayd etdi. U janubiy hududdagi vaziyatni “har qachongidan ham notinch” deb atadi.

Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov ham bu borada avvalroq bayonot bergan edi. U Moskva Minskning pozitsiyasini tushunishini hamda Belarus Rossiyaning ittifoqchisi bo‘lsa-da, Ukrainadagi mojaroda qatnashmayotganini bildirdi.

O‘tgan haftaning oxirida Rossiya prezidenti Vladimir Putin yangi topshiriq berdi. U Ukrainadagi urushni davom ettirishda har bir “ig‘vogar”ning ishtirokini tahlil qilishni buyurdi.

“Ularning har birini real jangovar harakatlardagi ishtiroki tahlil qilinishi kerak. Bu tahlil kelajakda qarorlar qabul qilishda mas’uliyatli bo‘lish uchun zarur”, dedi Vladimir Putin.

Avvalroq Belarus xavfsizlik kengashi kotibi Aleksandr Volfovich mamlakat fuqarolariga Rossiyaga, ayniqsa, chegara hududlariga sayohat qilishdan vaqtincha tiyilishni tavsiya qilgandi. Mazkur bayonot Rossiya hukumati Ukraina dronlari ikkinchi marta Bryansk viloyatida belaruslar bo‘lgan avtobusga hujum qilganini e’lon qilishi ortidan yangragan.

Mirzayeva Dilafroʻz Safar qizi. 1999-yilda Toshkent viloyatida tavallud topgan. Millati — oʻzbek. 2024-yilda Oʻzbekiston davlat jahon tillari universitetining Sinxron tarjima yoʻnalishi magistr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar