Daryo

Eron AQSH banklarini nishonga olish bilan tahdid qildi

Dubay va Manamadagi Amerika banklari bo‘linmalari hujumga uchradi. Islom inqilobi qoʻriqchilari korpusi buni Eron banklariga qilingan hujumlarga javob deb atadi.

1 daqiqa o‘qish6 003 ko‘rishlar0 izoh8

Eron dronlari Yaqin Sharq davlatlaridagi AQSH banklariga hujum qildi. Bu haqda Tasnim agentligi xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, BAAning Dubay va Bahraynning Manama shaharlaridagi Citibank bo‘linmalari nishonga olingan. Eron Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi (IIQK) hujum faktini tasdiqlagan. Ular bu harakatlar yaqinda Eronning ikki bankiga berilgan zarbaga javob ekanini ta’kidlagan.

“Agar tajovuz takrorlansa, Amerika banklarining mintaqadagi barcha bo‘limlari bizning qonuniy nishonimizga aylanadi”, deb ogohlantirdi IIQK vakili Ali Muhammad Naini.

Shuningdek, 11-mart kuni Iroqning Xor al-Zubayr portida ikkita dengiz droni Amerikaning Safesea Vishnu tankeriga borib urilgan. Hujum paytida kema 53 ming tonna nafta (neft mahsuloti)ni yuklayotgandi. Portlash oqibatida kemaning chap bortida yong‘in chiqqan, ekipajning 28 nafar a’zosi o‘zini suvga tashlagan, bir kishi halok bo‘lgan.

AQSHning Nyu Jersi shtatida joylashgan Safesea Group kompaniyasi ushbu hujumni “oldindan rejalashtirilgan va qasddan qilingan” deb atadi. AQSH va Isroilning Eronga qarshi urushi boshlanganidan beri Fors ko‘rfazida kamida 16 ta kema hujumga uchradi. Shuningdek, yuzlab kemalar Hormuz bo‘g‘ozi va uning yaqinidagi zarbadan qo‘rqib, harakatlanishni to‘xtatdi.

Ma’lumot uchun, jahon neft ta’minotining taxminan beshdan bir qismi aynan shu bo‘g‘oz orqali o‘tadi. Hormuz blokadasi va doimiy hujumlar neft narxining keskin oshishiga sabab bo‘lmoqda.

Citibank dunyoning 100 dan ortiq davlatida faoliyat yuritadi. U xalqaro savdoda dollar operatsiyalarini amalga oshiruvchi eng yirik moliyaviy tizimlardan biri hisoblanadi. Tahlilchilarning fikricha, ushbu bank bo‘limlarining nishonga olinishi nafaqat ramziy ma’noga ega, balki urush ko‘lamining G‘arb iqtisodiy infratuzilmasiga ko‘chyotganidan dalolat beradi.

Karimova Zulfiya Abduhakim qizi. 1999-yilda Toshkent shahrida tavallud topgan. Millati — o‘zbek. 2023-yilda O'zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetining xalqaro jurnalistika yo'nalishi bakalavr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar