Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi (IIQK) Xitoydan zamonaviy sun’iy yo‘ldosh aloqa uskunalarini Birlashgan Arab Amirliklaridagi kompaniyalar tarmog‘i orqali sotib olgan. Bu haqda Financial Times gazetasi maxfiy tijoriy shartnomalar va hujjatlarga asoslanib xabar bermoqda.
2025-yil oxirida IIQKning Aerokosmik kuchlari Xitoy harbiy sun’iy yo‘ldosh aloqa texnologiyalarini BAAda ro‘yxatdan o‘tgan kompaniya orqali qo‘lga kiritgan. Ushbu texnologiyalar Eronning dron dasturi bilan bog‘liq bo‘lgan.
Hujjatlarda aytilishicha, BAAdagi Telesun kompaniyasi orqali IIQKga Xitoyning StarWin ishlab chiqaruvchisiga tegishli 4,5 metr diametrli motorli sun’iy yo‘ldosh antennasi yetkazib berilgan. Yuk Shanxaydan Dubaydagi Jabal Ali portiga olib kelingan, u yerdan esa Eron kemasi orqali Bandar-Abbos portiga yetkazilgan.
Financial Times’ning yozishicha, yuk tashish jarayonida kemalardan biri GPS signallarini soxtalashtirgan va o‘zini Ummon yaqinida deb ko‘rsatgan, ammo sun’iy yo‘ldosh tasvirlari uning haqiqiy joylashuvini fosh etgan.
Taxminan ikki tonnalik yuk Eronning “Ertebatat Faragostar Kish” telekommunikatsiya kompaniyasiga yuborilgan. Ushbu kompaniya esa sanksiyalar ostidagi “Saman Indastril Grup” uchun xaridlarni amalga oshirgan. AQSH Moliya vazirligi bu kompaniyani IIQKning ballistik raketalar, dronlar va radioelektron kurash tizimlari ishlab chiqaruvchi yashirin tuzilmasi sifatida baholagan.
Shu bilan birga “Ertebatat Faragostar Kish” kompaniyasi G‘arb sanksiyalari ro‘yxatiga kiritilmagan.
Financial Times avvalroq ham Eron AQSH va Isroilga qarshi harbiy harakatlarda Xitoy razvedka sun’iy yo‘ldoshlaridan foydalanganini yozgan edi. CNN esa AQSH razvedkasi Xitoy Eronga havo hujumidan mudofaa tizimlarini yetkazib berishni rejalashtirayotganiga doir ma’lumotlarga ega ekanini bildirgan.
Gazetaga ko‘ra, Eron BAA orqali bunday yashirin xaridlarni urush boshlanishidan oldin ham amalga oshirib kelgan. Shunga qaramay, aynan BAA Eron tomonidan eng ko‘p hujumga uchragan davlatlardan biri bo‘lib, 2,8 mingdan ortiq dron va raketa zarbalari qayd etilgan.
The Wall Street Journal esa may oyida BAA yashirin tarzda Eron hududiga zarba berganini, jumladan, Lavan orolidagi neftni qayta ishlash zavodiga hujum uyushtirilganini xabar qilgan edi.








