Daryo

BAA Eronga qarshi yashirincha aviazarbalar berdi — WSJ

Yaqin Sharqdagi mojaro davomida Eron asosiy zarbalarni BAAga yo‘naltirib, mamlakatga 2800 dan ortiq raketa va dron uchirgan edi. Bu Isroilga qilingan hujumlardan ham ko‘proq ekani aytilmoqda.

2 daqiqa o‘qish7 159 ko‘rishlar0 izoh2

BAA aprel oyida Eronga qarshi yashirin harbiy zarbalar berdi. Bu haqda vaziyatdan xabardor manbalarga tayanib, The Wall Street Journal xabar berdi.

BAA armiyasi G‘arbda ishlab chiqarilgan qiruvchi samolyotlar va kuzatuv tizimlari bilan jihozlangan. Amalga oshirilgan bu hujumlar shuni ko‘rsatadiki, amirliklar endilikda Yaqin Sharqdagi iqtisodiy qudrati va ta’sirini himoya qilish uchun harbiy kuch ishlatishga qodir.

“Eronga qarshi hujumlarda nishonga olingan obyektlar qatorida Lavan orolidagi neftni qayta ishlash zavodi ham bor”, dedi masaladan xabardor manbalar.

Hujum aprel oyi boshida, AQSH prezident Donald Tramp besh haftalik havo hujumlaridan soʻng o‘t ochishni to‘xtatishni e’lon qilgan paytda amalga oshirilgan. Zarba oqibatida zavodda yirik yong‘in yuzaga kelgan va obyektning ishlab chiqarish quvvati bir necha oyga ishdan chiqqan.

O‘sha paytda Eron zavod dushman hujumiga uchraganini ma’lum qilgan va bunga javoban BAA hamda Kuvaytga raketa va dronlar bilan zarba bergandi.

“AQSH hujumga norozilik bildirmadi va bundan xafa bo‘lmadi, chunki o‘t ochishni to‘xtatish hali toʻliq kuchga kirmagan edi. U BAA va urushga qo‘shilmoqchi bo‘lgan boshqa Fors ko‘rfazi davlatlarining ishtirokini jimgina olqishladi”, dedi manbalardan biri.

BAA Tashqi ishlar vazirligi va Pentagon hujumlar yuzasidan izoh berishdan bosh tortdi. Amirliklar mamlakatning hujumlarga harbiy yo‘l bilan javob qaytarish huquqiga ega ekanini eslatdi.

“Fors koʻrfazidagi arab davlati Eronga bevosita zarba berishi muhim ahamiyatga ega. Endilikda Tehron BAA va urushni to‘xtatishda vositachilik qilishga urinayotgan boshqa ko‘rfaz davlatlari o‘rtasida nizolarni kuchaytirishga intiladi”, dedi Yaqin Sharq bo‘yicha tahlilchi Dina Isfandiyoriy.

Ko‘rfaz davlatlari avvalroq o‘z havo hududi yoki bazalaridan hujumlar uchun foydalanishga ruxsat bermasligini bildirgan edi. Biroq urush boshlanganidan keyin Eron mintaqadagi AQSH bazalari va boshqa obyektlarni nishonga oldi.

Eron asosiy zarbalarini BAAga yo‘naltirib, mamlakatga 2800 dan ortiq raketa va dron uchirdi. Bu boshqa har qanday davlatga, jumladan Isroilga uyushtirilgan hujumlardan ham ko‘proq ekani ta’kidlangan.

Ko‘rfaz rasmiylariga ko‘ra, ushbu hujumlar BAAning havo qatnovi, turizm va ko‘chmas mulk bozoriga jiddiy zarar yetkazib, majburiy ta’til va ishdan bo‘shatishlar to‘lqiniga sabab bo‘lgan.

“Endilikda BAA Eronni xorijiy iste’dodlar, xavfsizlik va barqarorlikka tayangan iqtisodiy-ijtimoiy modelga putur yetkazuvchi buzgʻunchi kuch sifatida ko‘rmoqda”, deyiladi xabarda.

Manbalarga ko‘ra, aynan shu hujumlardan keyin BAA Fors ko‘rfazidagi eng ochiq va murosasiz pozitsiyadagi davlatlardan biriga aylangan hamda urush davomida AQSH bilan yaqin harbiy hamkorlikni saqlab qolgan.

“Amirliklar bu urushni xohlamasliklarini boshidanoq ma’lum qilgandi. Ammo Eronning BAAga yoʻllagan birinchi zarbalaridan soʻng Abu Dabi mintaqaviy manzara keskin o‘zgarganini ko‘rayotganini ochiq-oydin bildirdi”, dedi Londondagi Mudofaa va Xavfsizlik tadqiqotlari institutining katta ilmiy xodimi X.A. Xelliyer.

Karimova Zulfiya Abduhakim qizi. 1999-yilda Toshkent shahrida tavallud topgan. Millati — o‘zbek. 2023-yilda O'zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetining xalqaro jurnalistika yo'nalishi bakalavr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar