Vashington va Tehron urushni yakunlash hamda Hormuz bo‘g‘ozini ochish bo‘yicha kelishuv tuzishga yaqin. Bu haqda AQSH prezidenti Donald Tramp ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra mazkur kelishuv muvofiqlashtirib bo‘lingan.
“Hozirda kelishuvning so‘nggi bandlari va tafsilotlari muhokama qilinmoqda. Tez orada e’lon qilinadi”, deb yozdi Tramp shanba kuni kechqurun Truth Social platformasida.
Ayni paytda Eron harbiy vakili X platformasida kelishuv imzolangan taqdirda ham, jahon neft va gaz savdosi uchun strategik ahamiyatga ega Hormuz bo‘g‘ozi nazorati baribir Tehron ixtiyorida qolishini ta’kidladi.
Kelishuv nimalarni ko‘zda tutadi?
Axios axborot portalining manbalariga ko‘ra, memorandum loyihasida quyidagi choralar ko‘zda tutilgan:
- otashkesim muddatini 60 kunga uzaytirish;
- ushbu davr mobaynida Hormuz bo‘g‘ozini kemalar o‘tishi uchun boj to‘lovlarisiz ochiq qoldirish va bo‘g‘ozni minalardan tozalash majburiyatini Eron o‘z zimmasiga olishi;
- buning evaziga AQSH Eron portlari blokadasini olib tashlaydi va Eron neftini erkin eksport qilish uchun qator sanksiyalardan istisnolar taqdim etadi.
Shuningdek, hujjat loyihasida Eronning hech qachon yadro qurolini yaratishga urinmasligi, uranni boyitish dasturini to‘xtatishi hamda yuqori darajada boyitilgan uran zaxiralarini mamlakatdan olib chiqib ketish bo‘yicha muzokaralar olib borish majburiyati ham bor. AQSH esa o‘z navbatida 60 kun ichida sanksiyalarni bekor qilishi va Eron aktivlarini muzlatishdan chiqarish bo‘yicha muzokaralarga tayyor.
Eronning pozitsiyasi
Eronning Fars agentligi xabar berishicha, Tehron kemalar qatnovi jadalligini urushdan oldingi darajaga qaytarishga rozi bo‘lgan, biroq bu urushgacha bo‘lgan “erkin o‘tish” tizimiga qaytilishini anglatmaydi. Bo‘g‘ozni boshqarish va ruxsatnomalar berish huquqi Islom Respublikasida qoladi.
Agentlik Trampning bayonotini “chala va haqiqatga mos kelmaydigan” deb atadi. Eron prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon diplomatik yechimga tayyorligini bildirar ekan, Tehronning Vashingtonga nisbatan jiddiy ishonch bildirmayotganini qayd etdi:
“Biz muzokaralarga hamon tayyormiz, biroq AQSH bilan o‘tmishdagi muzokaralar tajribasi bizni o‘ta ehtiyotkor bo‘lishga majbur qiladi”, deydi Pezeshkiyon.
Kelishuv tafsilotlari
Axios ma’lumotlariga ko‘ra, kelishilgan barcha shartlar faqat yakuniy bitim imzolanganidan keyingina kuchga kiradi — unga qadar Amerika qo‘shinlari mintaqani tark etmaydi. Hujjat loyihasida, shuningdek, Isroil va Eron tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan Livanning “Hizbulloh” guruhi o‘rtasidagi urushni to‘xtatish ham ko‘zda tutilgan.
Oq uy so‘nggi kelishmovchiliklarni yaqin soatlar ichida hal qilib, bitim haqida yakshanba, 24-may kunining o‘zidayoq e’lon qilishni rejalashtirmoqda. Portal manbasining qo‘shimcha qilishicha, agar AQSH Eronning o‘z majburiyatlariga sodiqligiga shubha qilsa, bitim muddati 60 kunga yetmay turib ham bekor qilinishi mumkin.
AQSHning Isroildagi sobiq elchisi Den Shapiro The Wall Street Journal gazetasiga bergan intervyusida Tramp qiyin tanlov arafasida turganini aytdi: “U vaziyatning yanada keskinlashishi (eskalatsiya) xavfi hamda zaif kelishuv tuzgani uchun keskin tanqidga uchrashi aniq bo‘lgan chorasiz vaziyat o‘rtasida tanlov qilishi kerak”.
Isroilning reaksiyasi va AQSHdagi tanqidlar
Eron bo‘yicha ekspert Denni Sitrinovichning yozishicha, Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu ushbu vaziyatni o‘zining shaxsiy va siyosiy mag‘lubiyati sifatida qabul qilayotganini tasavvur qilish qiyin emas. Netanyaxu harbiy kuch Eronni yo taslim bo‘lishga majbur qiladi, yoki uning rahbariyatini beqarorlashtiradi deb ishongan edi.
“Buning o‘rniga, natijada yanada radikallashgan, barqaror va xavfli Eron shakllandi, unga bugun hatto Vashington ham harbiy vositalar bilan qarshi chiqishga botina olmayapti”, deb qayd etdi ekspert.
Bir necha oydan keyin saylovchilar qarshisiga chiqadigan Netanyaxu tunda Trampning bayonotiga ommaviy munosabat bildirmadi. Texaslik respublikachi-senator Ted Kruz esa X platformasida ushbu kelishuv loyihasidan “chuqur xavotirda” ekanini yozib, uni potensial “halokatli xato” deb atadi.








