Daryo

Netanyaxu Xomanaiyni birgalikda o‘ldirishni aytgach, Tramp hujumni ma’qullagan — Reuters

Manbalar hujumdan kamida 48 soat oldin Isroil bosh vaziri va AQSH prezidenti telefonda gaplashganini ochiqladi. Netanyaxuning “dalillari” Trampni urushni boshlashga turtki bergani aytilmoqda.

2 daqiqa o‘qish7 394 ko‘rishlar0 izoh2

Eronga hujum boshlanishidan kamida 48 soat oldin Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu AQSH prezidenti Donald Tramp bilan telefon orqali gaplashgan. U murakkab harbiy operatsiyani boshlash sabablarini tushuntirgan. Aynan shu sabablar Trampni urushni boshlashga turtki bergan boʻlishi mumkin. Bu haqda manbalarga tayanib, Reuters xabar berdi.

Eron oliy rahnamosi Ali Xomanaiy va uning yaqin mulozimlari 28-fevral kuni Tehrondagi qarorgohda uchrashishi kutilgan edi. Bu yig‘ilish Isroilga yuqori martabali rahbarlarni bir vaqtda nishonga olish imkonini bergan. Eron mulozimlari uchrashuv vaqtini shanba kechasidan tongga ko‘chirgan. Razvedka ma’lumotlaridan xabardor Netanyaxu Tramp bilan suhbatda buni muhokama qilgan. Ushbu suhbat tafsilotlari rasman hech qayerda e’lon qilinmagan.

Netanyaxu suhbatda ushbu operatsiyani qo‘llab-quvvatlagan va Xomanaiyni yo‘q qilish uchun “bundan yaxshi imkoniyat bo‘lmasligi”ni aytgan. Shuningdek, u Eronning Trampga qarshi suiqasd rejalariga munosib javob qaytarish zarurligini ta’kidlagan.

Jumladan, suhbatda 2024-yilda Trampning saylov kampaniyasi vaqtida “Eron tomonidan uyushtirilgan” yollanma qotillik rejasi haqida so‘z borgan. AQSH Adliya vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, pokistonlik erkak ushbu reja doirasida AQSHda odamlarni yollashga uringan. Bundan maqsad — Eron Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi qo‘mondoni Qosim Sulaymoniyning o‘ldirilishi uchun qasos olish bo‘lgan.

Suhbat vaqtida Tramp Eronga qarshi harbiy operatsiyani allaqachon ma’qullagan edi. Ammo AQSH qachon va qanday sharoitda bevosita ishtirok etishi hal qilinmagan. AQSH harbiylari bir necha hafta davomida Yaqin Sharqdagi kuchlarini oshirib borgan. Shu sababli ma’muriyat ichida operatsiya muddati qizg‘in muhokama qilingan. Dastlab rejalashtirilgan sanalardan biri yomon ob-havo tufayli bekor qilingan.

Reuters Netanyaxuning argumentlari Trampga qanday ta’sir qilganini aniqlay olmadi. Biroq manbalarga ko‘ra, aynan shu telefon suhbati va Xomanaiyni yo‘q qilish imkoniyati Trampning 27-fevral kuni yakuniy qaror qabul qilishiga turtki bo‘lgan.

Isroil bosh vaziri Trampga bu qaror “tarixiy ahamiyatga ega” ekanini tushuntirgan. Jumladan, Eron rahbariyatining yo‘q qilinishi mamlakat ichida keng noroziliklarga sabab bo‘lishi va 1979-yildan beri hukmron bo‘lgan tizimning ag‘darilishiga olib kelishini aytgan. 28-fevral tongida Eronga dastlabki zarbalar berilgan. O‘sha kuni kechqurun Tramp Eron oliy rahnamosi halok bo‘lganini e’lon qildi.

Rasmiy munosabatlar

Oq uy matbuot kotibi Anna Kelli ushbu qo‘ng‘iroq haqidagi savolga javob bermadi. Ammo u harbiy operatsiya “Eron rejimining ballistik raketalari va harbiy-dengiz kuchlarini yo‘q qilish, shuningdek, yadro quroliga ega bo‘lmasligini kafolatlash uchun o‘tkazilgani”ni aytdi.

Netanyaxuning oʻzi 19-mart kuni o‘tkazilgan matbuot anjumanida Isroil AQSHni urushga tortgani haqidagi da’volarni rad etgandi.

“Hech kim Trampga nima qilishni buyura olmaydi”, dedi u.

Tramp ham qaror faqat o‘zi tomonidan qabul qilinganini ta’kidladi. AQSH mudofaa vaziri Pit Hegset esa mart oyi boshida “Trampni oʻldirmoqchi boʻlgan Eronga” zarba berilganini aytgandi.

Karimova Zulfiya Abduhakim qizi. 1999-yilda Toshkent shahrida tavallud topgan. Millati — o‘zbek. 2023-yilda O'zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetining xalqaro jurnalistika yo'nalishi bakalavr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar