Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu shaxsiy suhbatlarida AQSH prezidenti Donald Trampning Eron bo‘yicha qarorlariga Isroilning ta’sir ko‘rsatish imkoniyati juda kamligini aytdi. Bu haqda ikki nafar manbaga tayanib Reuters xabar berdi.
Hozirda AQSH prezidenti deyarli uch oydan beri davom etayotgan urushni to‘xtatish bo‘yicha kelishuv yuzasidan muzokaralar olib bormoqda. Suhbatdan xabardor ikki isroillik mulozimning so‘zlariga ko‘ra, Netanyaxu bu fikrlarni urushni to‘xtatish bo‘yicha dastlabki kelishuv muzokaralaridan Isroil chetda qolib ketgan bir vaqtda bildirgan. Mazkur urush AQSH va Isroilning qo‘shma bombardimonlari bilan boshlangan edi.
Kelishuv yo‘lidagi to‘siqlar
Hozircha ham AQSH, ham Eron muzokaralarda tez fursatda kelishuvga erishish umidlarini pasaytirmoqda. Tomonlar o‘rtasida Eronning yadroviy maqsadlari, Tehronning sanksiyalarni bekor qilish talabi hamda Isroilning Livanda “Hizbulloh” jangchilariga qarshi olib borayotgan urushi borasida kelishmovchiliklar saqlanib qolmoqda.
Netanyaxu barcha jabhalarda, jumladan, Livanda ham ehtimoliy xavf-xatarlarga qarshi harbiy amaliyotlarni davom ettirish huquqini talab qilmoqda. Agar Eron Isroildan Livan janubidagi harbiy harakatlarni butunlay to‘xtatishni talab qilsa, Netanyaxuning bu sharti kelishuvni barbod qilishi mumkin.
Netanyaxuning shaxsiy suhbatlarida qatnashgan isroillik mulozimlardan biri bosh vazir ayni paytda muhokama qilinayotgan anglashuv memorandumi yuzasidan xavotir bildirganini aytdi. Manbalarning ikkisi ham ismlari sir qolishini so‘ragan.
Muzokaralar tafsilotlari
Tramp administratsiyasining yuqori martabali mulozimiga ko‘ra, kelishuvga binoan Eron Hormuz bo‘g‘ozini ochadi. Buning evaziga AQSH o‘zining dengiz blokadasini olib tashlaydi. Shundan so‘ng yadroviy masalalar bo‘yicha keyingi muzokaralar davom ettiriladi. AQSH va Eron o‘rtasidagi bilvosita muzokaralarga Pokiston vositachilik qilmoqda. Hozircha Tramp Eron bilan kelishuvga shoshilmaslikni buyurgan.
Eronlik manbalarning Reuters’ga ma’lum qilishicha, keyingi bosqichlarda yuqori darajada boyitilgan uran zaxirasi bo‘yicha nizoni hal qilish uchun “real formulalar” topilishi mumkin. Bunga materialni BMTning yadroviy tashkiloti (MAGATE) nazorati ostida suyultirish ham kiradi.
Garchi bu kelishuv Isroilning Eron yadro dasturi va zaxiralari bo‘yicha xavotirlarini hozircha bartaraf etmasa-da, Netanyaxu ayni paytda prezident qaroriga ta’sir o‘tkazish imkoniyati yo‘qligini tan oldi. Netanyaxu idorasi esa bu masalaga izoh bermadi.
Netanyaxu saylovoldi bosimi ostidaUshbu kelishuvning o‘rtaga chiqishi Netanyaxu uchun juda nozik vaqtga to‘g‘ri keldi. Mamlakatda yaqinlashayotgan milliy saylovlarda u mag‘lub bo‘lishi prognoz qilinmoqda. Muxoliflari bosh vazirni urushda o‘zi e’lon qilgan maqsadlarga erisha olmaganlikda tanqid qilmoqda.
28-fevral kuni AQSH va Isroilning Eronga hujumlari boshlanganida, Netanyaxu Isroilning maqsadini e’lon qilgan edi. Bular:
- Eronning diniy hukumatini ag‘darish uchun sharoit yaratish;
- uning yadroviy va ballistik raketa salohiyatini yo‘q qilish;
- mintaqada o‘z ta’sirini o‘tkazish imkoniyatlarini falaj qilish.
Reuters xabariga ko‘ra, Tramp Eron operatsiyasini boshlash haqida yakuniy buyruqni Netanyaxu bilan suhbatdan keyin bergan. Ushbu suhbatda Netanyaxu AQSH prezidentiga Eron oliy rahnamosi Oyatulloh Ali Xomanaiyni birgalikda o‘ldirish zarurligini uqtirgan. Xomanaiy birinchi zarbalardayoq halok bo‘lgan edi.
O‘shandan beri Isroil va AQSHning urushdagi maqsadlari ayri tushdi. AQSH bor e’tiborini Hormuz bo‘g‘ozini qayta ochishga qaratgan. Urushga qadar jahondagi neft va suyultirilgan tabiiy gaz tashish hajmining beshdan bir qismi aynan shu bo‘g‘oz orqali o‘tgan.
Shu oy CBS telekanaliga bergan intervyusida Netanyaxu boyitilgan uranni Erondan olib chiqish bo‘yicha yanada qat’iy choralar zarurligini ta’kidladi.
Shuningdek, u Eron mintaqadagi proksi-guruhlarni qo‘llab-quvvatlashni va ballistik raketalar ishlab chiqarishni to‘xtatishi shartligini aytdi..
“... Hali qilinadigan ishlar ko‘p”, deya qo‘shimcha qilgan Netanyaxu.








