Polshalik 37 yoshli alpinist tarixda ilk bor kislorod ballonisiz Everest cho‘qqisiga ko‘tarilib, so‘ng chang‘ida pastga tushdi. Bu haqda The Guardian xabar berdi.
Everestning balandligi 8849 metr bo‘lib, bu alpinist Anjey Bargielning unga chiqishga uchinchi urinishi. Ilgari 2019 va 2022-yillarda xavfli ob-havo sharoitlari tufayli u rejasidan voz kechishga majbur bo‘lgan. Bargiel balandlikdagi “o‘lim zonasi”da deyarli 16 soat vaqt o‘tkazgan. U yo‘lning eng xavfli qismlaridan biri — Khumbu muzligidan o‘tib, baza lageriga eson-omon qaytib kelgan.
“Cho‘qqiga ko‘tarilishning o‘zi juda mashaqqatli va qiyin. Men hayotimda hech qachon bunday balandlikda bunchalik uzoq vaqt o‘tkazmaganman, shuning uchun bu katta sinov bo‘ldi. Everestdan kislorodsiz chang‘ida tushish yillar davomida ichimda yetilgan orzu edi”, dedi Bargiel.
Himolay ma’lumotlar bazasiga ko‘ra, 6000 dan ortiq odam Everestga chiqqan, ammo faqat 200 ga yaqini qo‘shimcha kislorodsiz buni uddalagan. Bir necha kishi chang‘ida pastga tushgan, lekin hech kim qo‘shimcha kislorodsiz pastga tushmagan.
Tog‘ cho‘qqisida havo shunchalik kam bo‘ladiki, alpinistlar dengiz sathidagi kislorodning atigi uchdan bir qismini oladi. Bu miyaga zarar yetkazishi, o‘pkada suyuqlik to‘planishi va hatto o‘limga sabab bo‘lishi mumkin.
“Osmonga chegarami? Polshaliklar uchun yo‘q! Anjey Bargiel Everest tog‘idan chang‘i bilan pastga tushdi”, deb yozgan Polsha bosh vaziri Donald Tusk o‘zining X’dagi sahifasida.
2018-yilda Bargiel dunyoda ikkinchi eng baland cho‘qqi bo‘lgan Pokistonning K2 tog‘idan chang‘i bilan pastga tushgan birinchi inson bo‘lgan.
“Hech kim buni amalga oshirish mumkin deb o‘ylamagandi; hatto akam ham shubhalangan. Bu menga sabr-toqatning qadrini o‘rgatdi, hech kim sening orzularingni o‘zingdan tashqari amalga oshira olmaydi”, degan edi Bargiel 2020-yilgi intervyusida.








