BMT Bosh Assambleyasi O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikistonning “Chegara nizolarini tinch yo‘l bilan hal etish” rezolyutsiyasini qabul qildi. Bu haqda Qirg‘iziston Tashqi ishlar vazirligiga tayanib 24.kg xabar berdi.
Hujjatga 40 dan ortiq mamlakat hammualliflik qilgan. Rezolyutsiya Qirg‘iziston tomonidan Tojikiston va O‘zbekiston bilan hamkorlikda taqdim etilgan. Hujjatning asosiy maqsadi mintaqa davlatlarining tarixiy yutug‘ini baham ko‘rishdan iborat. Markaziy Osiyo davlatlari BMT Nizomi va xalqaro huquqqa muvofiq chegara masalasini tinch yo‘l bilan (muloqot, muzokaralar va boshqa o‘zaro kelishilgan usullar orqali) hal qildi. Rezolyutsiya mamlakatlar chegara nizolariga duch kelganda, uni tinch, qonuniy va muloqotga asoslangan yo‘l bilan hal etishni nazarda tutadi.
“Markaziy Osiyo yutuqlari butun xalqaro hamjamiyat uchun konstruktiv namuna, yaxshi qo‘shnichilik munosabatlari modeli, mintaqa davlatlarining xalqaro tinchlik va xavfsizlikni mustahkamlashga qo‘shgan hissasi bo‘lib xizmat qiladi”, deyiladi rezolyutsiyada.
TIVning qo‘shimcha qilishicha, rezolyutsiyaning qabul qilinishi Qirg‘iziston va mintaqa mamlakatlarining o‘nlab yillar davomida yechim topmagan o‘tkir masalalarni tinch yo‘l bilan hal qilish qobiliyatining yana bir tasdig‘i va e’tirofidir.
O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi chegara muammosining hal etilishi
O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov 2022-yil 14-noyabr kuni O‘zbekiston va Qirg‘izistonning bahsli yer masalalariga aniqlik kiritdi. U Qirg‘iziston G‘ovasoy’ daryosining oqimiga to‘sqinlik qilmaslik va suvini ifloslantirmaslik majburiyatini olganini qayd etgan.
Bundan tashqari, Qirg‘iziston hududida joylashgan, O‘zbekistonning eksklav hududi bo‘lgan So‘x tumani aholisining chegaradan o‘tib-qaytishida yanada yengillik yaratish bo‘yicha ikki davlat hukumatlari o‘zaro kelishuvga erishgan. Bosh vazir yangi chegara chiziqlarini belgilashda O‘zbekiston chegara chizig‘idan 130 ta xonadonni ko‘chirish nazarda tutilayotganini aytgandi.
1 378 kilometrga cho‘zilgan o‘zbek—qirg‘iz chegarasining 85 foizi 2017-yilgacha talash bo‘lib kelgan va O‘zbekiston prezidenti tashabbusi bilan bu muammo to‘liq hal qilindi. 2023-yil yanvar oyida Bishkekda Shavkat Mirziyoyev va Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov ratifikatsiya hujjatlarini almashdi.
Qirg‘iziston va Tojikistonning chegara muammosi va Shavkat Mirziyoyevning uni hal qilishdagi o‘rni
Sadir Japarov 2026-yilgi intervyularidan birida Tojikiston va Qirg‘iziston o‘rtasida yillar mobaynida davom etgan chegara mojarosiga to‘xtalib, O‘zbekiston prezidenti muhim va hal qiluvchi rol o‘ynaganini aytgandi.
“Sammitlarda va uchrashuvlarda birinchi bo‘lib Tojikiston rahbariga ‘keling, o‘tirib chegara masalasini gaplashib olaylik’ deb aytdim. Avvaliga u bunga rozi bo‘lmadi. Ikkinchi bor uchrashganimizda esa Tojikiston tomoni chegara masalasini muhokama qilishga rozilik bildirdi. Shu o‘rinda alohida ta’kidlashim kerakki, bunda O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning o‘rni juda katta bo‘ldi. U kishi ‘muammolarni hozir, shu yerning o‘zida hal qilishingiz kerak, keyin imkon bo‘lmasligi mumkin. Yon berishga borish zarur’, deb maslahat berdi. Shundan so‘ng ikki rahbar bir stol atrofida o‘tirib, chegara muammosini hal qildik”, deya eslagandi Qirg‘iziston prezidenti.
2025-yil 13-mart kuni Qirg‘iziston va Tojikiston prezidentlari ikki mamlakat o‘rtasidagi Davlat chegarasi to‘g‘risidagi bitimni imzoladi. Davlatlar chegarasining umumiy uzunligi 1 ming 6,84 kilometrni tashkil etadi, shundan 519,9 kilometri 2011-yilgacha, 486,94 kilometri esa so‘nggi uch yil ichida aniqlangan. O‘nlab bahsli uchastkalar tufayli u yerda vaqti-vaqti bilan qurolli to‘qnashuvlar yuz berib turgandi.
2025-yil 31-mart kuni Xo‘jand shahrida Shavkat Mirziyoyev, Emomali Rahmon va Sadir Japarov o‘rtasidagi oliy darajadagi uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Ular O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikiston chegaralari tutashgan nuqta to‘g‘risidagi shartnomani imzoladi. Muzokaralardan so‘ng prezidentlar masofadan turib, uch mamlakat chegaralari tutashgan hududda Do‘stlik stelasini tantanali ravishda ochib bergandi.








