Surxondaryo viloyati Sariosiyo tumanida 13 yoshli qiz To‘palang daryosiga oqib ketib, vafot etdi. Holat yuzasidan tuman prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.
Viloyat prokuraturasi ma’lumotiga ko‘ra, “Afrosiyob” mahallasida yashagan, 2012-yilda tug‘ilgan voyaga yetmagan qizning To‘palang daryosiga oqib ketgani yuzasidan surishtiruv boshlangan.
Tekshiruv davomida 2026-yilning 15-may kuni qizning jasadi Denov tumani “Ittifoq” mahallasi hududidan oqib o‘tuvchi To‘palang daryosidan tan jarohatlarisiz topilgan.
Sud-tibbiy ekspertizasi xulosasida marhumaning o‘limiga yuqori nafas yo‘llarining suv bilan berkilishi va mexanik asfiksiya sabab bo‘lgani ko‘rsatilgan.
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videoda voqea sodir bo‘lgan hududda qidiruv ishlari olib borilgani aks etgan. Videoda qizning yaqinlari va qo‘shnilari yordam so‘rab murojaat qilgan.
Hozirda holat yuzasidan Sariosiyo tumani prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari davom ettirilmoqda.
2026-yil mart oyi oxirida Toshkent viloyati Chinoz tumanida Bo‘zsuv kanaliga tushib ketgan 34 yoshli erkakning jasadi 9 kundan so‘ng topilgandi. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, erkak do‘stlari bilan dam olish uchun kanal bo‘yiga kelgan va bir muddat hordiq chiqargan.








