Toshkent viloyati Chinoz tumanida Bo‘zsuv kanaliga tushib ketgan 34 yoshli erkakning jasadi 9 kundan so‘ng topildi. Bu haqda “Millar” dasturida xabar berildi.
Ma’lum qilinishicha, hodisa 21-mart kuni soat taxminan 14:30 atrofida Chinoz tumanidagi Bo‘zsuv kanali hududida sodir bo‘lgan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, erkak do‘stlari bilan dam olish uchun kanal bo‘yiga kelgan va bir muddat hordiq chiqargan.
Shundan so‘ng u kanal bo‘yiga tushib, qo‘l-yuzini yuvmoqchi bo‘lgan paytda suvga tushib ketgan. Guvohlarning aytishicha, kuchli oqim uni tezda olib ketgan va uni qutqarib qolishning imkoni bo‘lmagan. Hodisa vaqtida ishtirokchilar spirtli ichimlik iste’mol qilgani ham aytilmoqda.
Voqeadan so‘ng Favqulodda vaziyatlar boshqarmasiga xabar berilib, qutqaruvchilar hamda g‘avvoslar jalb etilgan holda qidiruv-qutqaruv ishlari boshlangan. Fuqaro 1991-yilda tug‘ilgan bo‘lib, uning ikki nafar farzandi borligi ma’lum qilingan.
Eslatib o‘tamiz, 19-mart kuni Farg‘ona viloyatining Beshariq tumanida voyaga yetmagan aka-uka suvda cho‘kib ketib halok bo‘lgani haqida xabar berilgandi. FVV qutqaruv xizmati tomonidan murdalar suvdan olib chiqilgan.








