Surxondaryoda bir guruh shaxslar Koreyaga ishga yuborish va’dasida fuqarolarning 408,8 ming dollarini qo‘lga kiritdi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi departament xabar berdi.
Departamentning Surxondaryo viloyati boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda “K.M.” nodavlat ta’lim muassasasi ta’sischisi X.Sh. (muqaddam sudlangan) va boshqalar o‘zaro til biriktirib, 6 ta viloyatda yashovchi 63 nafar fuqaroning ishonchiga kirib, ularni Janubiy Koreyaga ishga yuborishlarini aytib, jami 408 800 AQSH dollarini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritgani aniqlangan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
AQSHda o‘zbekistonliklarga oyiga 8 ming dollarlik ish borligi haqidagi xabarlar ham rad etildi. Migratsiya agentligi O‘zbekiston AQSH bilan mehnat migratsiyasi bo‘yicha erishilgan yangi kelishuvlar Telegram’dagi qator kanallarda bo‘rttirilgan tarzda talqin qilinayotganini bildirdi.








