Yaponiya Immigratsiya xizmatlari agentligi mamlakatda noqonuniy ravishda bo‘lib turgan O‘zbekiston fuqarosini 8-may kuni deportatsiya qildi.
Yaponiyaning Toshkentdagi elchixonasi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, ushbu fuqaro Yaponiyaga qisqa muddatli biznes vizasi bilan kirib kelgan va bu muddat tugaganidan keyin ham mamlakatda qolgan.
Elchixona “turizm”, “biznes”, “qarindoshlar yoki tanishlarni yo‘qlash” kabi maqsadlarda beriladigan qisqa muddatli vizalar mehnat faoliyati bilan shug‘ullanish uchun mo‘ljallanmaganini, ushbu viza bilan mamlakatda ishlash va uzoq muddat qolish taqiqlanganini eslatdi.
“Noqonuniy yashash yoki noqonuniy mehnat faoliyati aniqlangan taqdirda, bunday shaxslar politsiya tomonidan hibsga olinib, immigratsiya markazlariga joylashtiriladi va deportatsiya qilish kabi qat’iy choralar ko‘riladi. Bundan tashqari, Yaponiya hukumati qoidabuzarlar haqidagi ma’lumotlarni O‘zbekiston hukumatiga taqdim etayotgani sababli, O‘zbekistonga qaytgandan keyin ham tegishli choralar ko‘rilishi mumkin”, deyiladi xabarda.
Shu sababli elchixona “Yaponiyada ishlash mumkin” degan turli takliflarga osongina ishonib qolmaslik uchun ogoh bo‘lishga chaqirdi.
Aprel oyining oxirlarida Yaponiyadan ikki o‘zbekistonlik deportatsiya qilingandi. Ulardan biri “talaba” vizasi bilan borgan, biroq o‘qishdan chetlatilgach, mamlakatda noqonuniy ravishda qolgani uchun hibsga olingan. Ikkinchisi qisqa muddatli viza bilan Yaponiyaga borib, muddati tugaganidan keyin ham chiqib ketmagan.








