O‘zbekistonliklar bepul o‘quv kurslarida o‘qib, Yaponiyada qurilish sohasida ishlashlari mumkin. Bu haqda Migratsiya agentligi xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, may oyida Migratsiya agentligi rahbariyatining Yaponiyaga tashrifi chog‘ida, ushbu mamlakatning Proud Partners kompaniyasi bilan haydovchilarni O‘zbekistonda yapon tili va kasbga o‘qitib, yuqori maoshli ishlarga jalb qilishga kelishilgan edi. Kelishuvlar doirasida sentyabr oyida Toshkent shahrida loyihaning ramziy ochilishi bo‘lib o‘tdi va kuni kecha B–C toifali haydovchilik guvohnomasi bor va Yaponiyada ishlash istagini bildirib ariza qoldirgan 200 dan ortiq nomzod uchun tanlovlar tashkil etildi.
Qurilish sohasida ishlash uchun ro‘yxatdan o‘tgan 700 nafar nomzodga 15-dekabrdan boshlab onlayn tanlovlar rejalashtirilmoqda. Tanlovdan o‘tganlar Angren shahar Yuriy Gagarin ko‘chasi 1-uyda joylashgan Migratsiya agentligi tasarrufidagi 2-son texnikumning Qurilish sohasi malakali mutaxassislarni tayyorlash markazida 6–8 oylik bepul o‘quv kurslarida ta’lim oladi. O‘qish davrda bepul yotoqxona bilan ta’minlanadi. Jarayonlar yakunlangach, ular Yaponiyada ish boshlaydi.
Agentlikning bildirishicha, tanlov natijalari va o‘qish boshlanish vaqti haqida 20-dekabrga qadar e’lon qilinadi.
2024-yil iyulida Yaponiyaning yirik qurilish kompaniyasi Shimizu Corporation 5 yilgacha ishlashga tayyor 18-35 yoshda bo‘lgan o‘zbekistonlik quruvchilarni ishga taklif qilgandi.








