Shavkat Mirziyoyev 6-may kuni O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lishi borasida 2025-yilda amalga oshirilgan ishlar va ushbu jarayonni jadallashtirish bo‘yicha vazifalarga bag‘ishlangan taqdimot bilan tanishdi. Davlat rahbari bu boradagi kompleks ishlarni 2026-yilda sifatli yakunlash bo‘yicha topshiriqlar berdi.
Qayd etilishicha, 2025-yilda O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lish jarayonida ko‘p va ikki tomonlama muzokaralarda muhim natijalarga erishilgan. Xususan, JSTga a’zolik bo‘yicha ishchi guruhning ikki yig‘ilishi o‘tkazilib, tashkilot a’zolariga 200 dan ortiq savolga javob va 30 dan ziyod tashqi savdoga oid hujjatlar taqdim etilgan.
Ikki tomonlama muzokaralar doirasida 40 dan ortiq muzokara raundi o‘tkazilgan. 2025-yilning o‘zida 11 ta davlat bilan muzokaralar yakunlanib, JSTga a’zolik bo‘yicha kelishuvga erishilgan davlatlar soni 33 taga yetgan.
Prezident matbuot xizmatiga ko‘ra, o‘tgan yilda 68 ta qonunchilik hujjati JST va xalqaro me’yorlarga moslashtirilgan. Jumladan, intellektual mulkni ro‘yxatga olish tartibi soddalashtirilgan, bu sohadagi huquqbuzarliklar uchun javobgarlik kuchaytirilgan, eksport cheklovlari bekor qilingan va ayrim mahsulotlar uchun minimal eksport narxlarini belgilash amaliyotidan voz kechilgan.
Shuningdek, savdodagi texnik to‘siqlar, sanitariya va fitosanitariya yo‘nalishlarida ham qator o‘zgarishlar amalga oshirilgan. Xususan, xavfi yuqori mahsulotlarni majburiy davlat ro‘yxatidan o‘tkazish o‘rniga sertifikatlashtirish tizimi joriy etilgan, oziq-ovqat xavfsizligi ustidan nazorat Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasiga o‘tkazilgan, 14 ta oziq-ovqat texnik reglamenti bekor qilingan.
Bundan tashqari, 747 ta tovar pozitsiyasi bo‘yicha majburiy sertifikatlashtirish talablari bekor qilinib, tegishli ro‘yxat 27 foizga qisqartirilgan. Taqdimotda oziq-ovqat xavfsizligi, savdoni himoya qilish, sanitariya, veterinariya va karantin sohalarida yangi qonunlarni qabul qilish hamda JSTga a’zolikni rasmiylashtirish bo‘yicha zarur choralarni yakunlash masalalari ko‘rib chiqilgan.
Shavkat Mirziyoyev 2025-yil 22-sentyabr kuni Nyu Yorkda Jahon savdo tashkiloti bosh direktori Ngozi Okonjo-Iveala uchrashgandi. Muzokaralardan so‘ng tashkilot rahbari O‘zbekiston 2026-yil mart oyida JSTga a’zosi bo‘lishi mumkinligini ma’lum qilgan.
2026-yilning 17-fevralida Azizbek O‘runov tashkilotga a’zo bo‘lish muddati martdan keyinga qolishi mumkin ekanini aytgan. Bunga ayrim mamlakatlar hujjatlarni ko‘rib chiqishni ortga surayotgani sabab qilib ko‘rsatilgan. Bosh muzokarachi agar qaror faqat O‘zbekistonga bog‘liq bo‘lganida, mamlakat mart oyidayoq tashkilotga qo‘shilishga tayyor bo‘lishini qayd etgan.








