Interpolning O‘zbekistondagi Milliy markaziy byurosi ko‘magida xalqaro qidiruvda bo‘lgan uch nafar shaxs xorijda qo‘lga olinib, mamlakatga qaytarildi. Bu haqda byuro axborot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, mazkur shaxslar respublika huquqni muhofaza qiluvchi organlari tashabbusi bilan xalqaro qidiruvga berilgan. Ularning ikki nafari firibgarlik, yana biri esa odam savdosi bilan bog‘liq jinoyatni sodir etganlikda ayblanmoqda.
Qayd etilishicha, jinoyat sodir etilganidan so‘ng qidiruvdagilar Birlashgan Arab Amirliklari hududiga yashiringan. Byuro tomonidan olib borilgan maqsadli ishlar, xorijiy hamkorlar bilan doimiy hamkorlik va xalqaro qidiruv mexanizmlarini ishga solish natijasida ularning turgan joyi aniqlangan.
Interpolning Abu Dabidagi Milliy markaziy byurosi ko‘magida uchala shaxs ham qo‘lga olingan. Ularni O‘zbekistonga topshirish jarayoni Interpolning Toshkent va Abu Dabi Milliy markaziy byurolari o‘rtasida erishilgan maxsus kelishuvlar hamda boshqa huquqiy mexanizmlar asosida amalga oshirilgan.
Mazkur shaxslar Interpol Milliy markaziy byurosi xodimlari hamrohligida javobgarlikka tortish uchun Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportiga olib kelingan.
2026-yilning boshlarida ham Interpol orqali xalqaro qidiruvga berilgan o‘zbekistonlik Gruziyada qo‘lga olingandi. Fevral oyida firibgarlikda ayblangan erkak Interpol orqali BAAdan O‘zbekistonga ekstraditsiya qilingan.
Mart oyida Turkiyada xalqaro qidiruvda bo‘lgan ikki O‘zbekiston fuqarosi hibsga olingan. O‘sha oyda xalqaro qidiruvda bo‘lgan O‘zbekiston fuqarolari Bahrayn va AQSHdan ekstraditsiya qilingan.








