AQSH prezidenti Donald Tramp Germaniyadagi amerikalik harbiylar sonini kamaytirishni ko‘rib chiqmoqda. Bu haqda uning Truth Social‘dagi postiga tayanib Reuters xabar berdi.
Tramp Germaniya va boshqa NATO ittifoqchilarini Hormuz bo‘g‘ozini ochishda yordam bermaganlikda ayblab kelmoqda. Ular o‘z harbiy-dengiz flotini ushbu hududga yuborishga rozi bo‘lmadi. Tramp o‘z bayonotida shunday dedi:
“Qo‘shma Shtatlar Germaniyadagi qo‘shinlar sonini kamaytirish imkoniyatini o‘rganmoqda. Bu bo‘yicha yakuniy qaror yaqin vaqt ichida qabul qilinadi”.
AQSH Mudofaa kadrlari ma’lumotlar markazi (DMDC) statistikasidan ma’lum bo‘lishicha, 2025-yil dekabr holatiga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlarning Yevropadagi bazalarida 68 mingdan ortiq doimiy harbiy xizmatchi bor.
Ularning yarmidan ko‘pi, ya’ni, taxminan, 36 400 nafari Germaniyada joylashgan. Taqqoslash uchun, 1985-yilda, Berlin devori qulashi va Sovuq urush tugashidan oldin u yerda 250 ming amerikalik askar bo‘lgan.
So‘nggi kunlarda Tramp va Germaniya kansleri Fridrix Merts o‘rtasida Erondagi urush bo‘yicha keskinlik avj olgan. Merts ikki oylik urushni tugatish bo‘yicha muzokaralarda eronliklar AQSHni kamsitayotganini aytgan. Tramp bunga javoban Merts nima haqda gapirayotganini bilmasligini ta’kidladi. Shunga qaramay, kansler 29-aprel kuni Tramp bilan munosabatlar yaxshi ekanini aytdi.
Germaniyaning yangi harbiy strategiyasi
Trampning posti Germaniya bosh generali Karsten Broyer Vashingtonda AQSH rasmiylari bilan uchrashganidan so‘ng paydo bo‘ldi. Broyer mudofaa vaziri o‘rinbosari Elbrij Kolbi bilan Germaniyaning Ikkinchi jahon urushidan keyingi ilk mustaqil harbiy strategiyasini muhokama qildi.
Kolbi Germaniyaning Yevropadagi eng yirik an’anaviy kuchga aylanish maqsadini olqishladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Yevropa o‘z harakatlarini kuchaytirishi kerak. NATO endi “qog‘ozdagi yo‘lbars” bo‘lib qolmasligi lozim.
Broyerning aytishicha, AQSH rasmiylari Germaniya strategiyasini yuqori baholagan. Biroq uchrashuvda qo‘shinlarni qisqartirish haqida gap bo‘lmagan.
Tramp Yevropa davlatlarini o‘z mudofaasiga kam mablag‘ sarflayotgani uchun uzoq vaqtdan beri tanqid qilib keladi. NATO a’zolari mudofaa xarajatlarini yalpi ichki mahsulotning 5 foizigacha oshirishga qaror qilgan bo‘lsa-da, ziddiyatlar saqlanib qolmoqda.
Bunga bir qancha faktorlar sabab bo‘ldi. Jumladan, NATO Trampning Eronga qarshi urushini qo‘llab-quvvatlamadi. Tramp bu urushni Isroil bilan birga, ittifoqchilar bilan maslahatlashmasdan boshlagan. Shuningdek, Tramp NATO a’zosi bo‘lgan Daniyadan Grenlandiyani sotib olmoqchi bo‘ldi, ammo rad javobini oldi.
Jon Hopkins universitetidagi Amerika-Germaniya instituti prezidenti Jeff Ratkening so‘zlariga ko‘ra, Tramp o‘zining birinchi muddatida ham Germaniyadagi qo‘shinlarni kamaytirmoqchi bo‘lgan, biroq buni amalga oshira olmagan.
Ratke AQSH qo‘shinlarining Germaniyadagi, masalan, Ramshatayn bazasida bo‘lishi muhimligini aytdi:
“Yevropadagi AQSH kuchlari noshukur yevropaliklarga qilingan xayriya yordami emas. Ular Amerikaning global harbiy qudratini ta’minlovchi quroldir”.
Ayni paytda, Tramp o‘z maslahatchilariga Eronni iqtisodiy jihatdan uzoq vaqt blokada qilishga tayyorlanish bo‘yicha ko‘rsatma bergan. U Eron portlariga yuk tashishni butunlay to‘xtatish orqali mamlakat iqtisodiyotini “bo‘g‘ish”da davom etishga qaror qilgan. Prezidentning fikricha, qayta bombardimon qilish yoki urushni butunlay tugatish hozirgi blokadadan ko‘ra xavfliroqdir.








