AQSH prezidenti Donald Trampning Grenlandiyani qo‘lga kiritish borasidagi tahdidlari fonida Fransiya va Germaniya boshqa Yevropa davlatlari qatori orolga o‘z qo‘shinlarini yuborishini ma’lum qildi. Bu haqda France 24 xabar berdi.
Germaniya Mudofaa vazirligining bildirishicha, Bundesverning 13 kishilik razvedka guruhi 15-yanvardan boshlab Grenlandiya poytaxti Nuuk shahriga yo‘l oladi. Ushbu missiya Daniya hukumatining taklifiga binoan amalga oshirilmoqda.
“Mintaqa xavfsizligini ta’minlash yo‘lida”
Berlin rasmiy bayonotiga ko‘ra, missiyadan ko‘zlangan maqsad — mintaqa xavfsizligini ta’minlashda Daniyani qo‘llab-quvvatlash uchun ehtimoliy harbiy yordam ko‘rsatish shart-sharoitlarini o‘rganishdan iborat.
Yevropa Ittifoqining yagona yadroviy davlati bo‘lmish Fransiya ham Grenlandiyaga o‘z harbiylarini yuborishini tasdiqladi. Bu qaror Vashingtonda AQSH, Daniya va Grenlandiya rasmiylari o‘rtasida o‘tgan o‘ta muhim uchrashuvdan so‘ng e’lon qilindi.
Trampning “Grenlandiya orzusi”
Tramp Daniyaning avtonom hududi hisoblangan Grenlandiya AQSH xavfsizligi uchun hayotiy muhim ekanini ta’kidlab, uni o‘z nazoratiga olishga bir necha bor va’da bergan edi. Chorshanba, 14-yanvar kuni AQSH vitse-prezidenti Jey Di Vens va davlat kotibi Marko Rubio bilan uchrashgan Daniya tashqi ishlar vaziri Lars Lokke Rasmussen vaziyatga quyidagicha munosabat bildirdi:
“Trampning Grenlandiyani zabt etish istagi borligi aniq ko‘rinib turibdi. Ammo biz Daniya tarkibida qolamiz”, dedi vazir.
Tramp so‘nggi haftalarda strategik jihatdan qulay joylashgan va minerallarga boy Grenlandiya Rossiya yoki Xitoy tomonidan egallab olinishining oldini olish uchun AQSHga tegishli bo‘lishi shartligini ta’kidlab kelmoqda. U hududni qo‘lga kiritish uchun barcha variantlar tayyor ekanini aytgan, bu esa Yevropa va AQSH o‘rtasidagi munosabatlarni keskin sovuqlashtirdi.
Bundan oldin Shvetsiya va Norvegiya ham orolga o‘z harbiy xizmatchilarini yuborishi haqida e’lon qilgan edi. Ayni paytda, Grenlandiya rasmiysi orol Daniyani tanlashini aytib, AQSH uni boshqarmasligini ta’kidlagan.








