AQSH prezidenti Donald Trampning Hormuz bo‘g‘ozini qayta ochish uchun ittifoqchilardan yordam so‘radi. U buning uchun ko‘p millatli koalitsiya tuzish taklifini berdi. Bu haqda Reuters xabar berdi.
Bunga javobam Vashingtonning asosiy ittifoqchilari bo‘lgan Yaponiya va Avstraliya, shuningdek, Germaniya ushbu hayotiy muhim suv yo‘li orqali kemalarni kuzatib borish uchun Yaqin Sharqqa harbiy-dengiz kemalarini yuborish niyatida emasligini ma’lum qildi.
AQSH va Isroilning Eronga qarshi urushi uchinchi hafta davom etar ekan, Yaqin Sharqda tartibsizliklar keltirib chiqarmoqda va global energiya bozorlarini larzaga keltirmoqda. Tramp 15-mart kuni Fors ko‘rfazi neftiga tayanadigan davlatlar dunyo energiyasining 20 foizi tranzit qilinadigan bo‘g‘ozni himoya qilish uchun mas’ul ekanini ta’kidladi.
Mazkur chaqirish fonida Brent markali neft narxi 1 foizdan ko‘proqqa oshib, 104,50 dollardan yuqoriladi.
“Men bu davlatlardan kelib, o‘z hududlarini himoya qilishni talab qilyapman, chunki bu ularning hududi. Ular o‘z energiyasini aynan shu yerdan oladi”, dedi Tramp Florida shtatidan Vashingtonga uchayotgan Air Force One samolyoti bortida jurnalistlarga.
Tramp ma’muriyati allaqachon yetti davlat bilan bog‘langanini aytdi, biroq ularning nomini ochiqlamadi. Avvalroq u ijtimoiy tarmoqlardagi postida Xitoy, Fransiya, Yaponiya, Janubiy Koreya va Buyuk Britaniya bu jarayonda ishtirok etishiga umid bildirgan edi.
Yaponiyaning ashaddiy Tramp tarafdori hisoblangan bosh vaziri Sanae Takaichining 16-mart kuni ma’lum qilishicha, mamlakat urushdan voz kechish haqidagi konstitutsiyasi tufayli Yaqin Sharqqa kemalar yubora olmaydi. Vaholanki, Yaponiya o‘z neftining 95 foizini aynan shu mintaqadan oladi.
“Biz kuzatuv kemalarini jo‘natish bo‘yicha hech qanday qaror qabul qilganimiz yo‘q. Yaponiya mustaqil ravishda va huquqiy doirada nima qila olishini o‘rganishda davom etmoqda”, dedi Takaichi parlamentda.
AQSHning yana bir muhim ittifoqchisi — Avstraliya ham bo‘g‘ozni ochishda harbiy yordam bermasligini bildirdi. Mamlakat Vazirlar Mahkamasi a’zosi Ketrin King bu bo‘yicha so‘rov olinmaganini va hozircha mamlakat jarayonda ishtirok etmayotganini aytdi.
Ayni paytda Germaniya mudofaa vaziri Boris Pistorius mamlakat o‘z harbiylari bilan Hormuz bo‘g‘ozini qo‘riqlashda ishtirok etmasligini ma’lum qildi.
Tramp Financial Times nashriga bergan intervyusida Xitoydan ushbu oy oxirida Si Szinpin bilan rejalashtirilgan uchrashuvigacha bo‘g‘ozni ochishda yordam kutayotganini aytdi. Agar Pekin yordam bermasa, Tramp tashrifini qoldirishi mumkinligini bildirdi.
“Xitoy ham yordam berishi kerak, chunki mamlakat neftining 90 foizini ushbu bo‘g‘ozlardan oladi. Agar yordam bo‘lmasa, tashrifni kechiktirishimiz mumkin”, dedi AQSH prezidenti.
Shuningdek, u Yevropa ittifoqchilariga ham bosimni oshirib, agar NATO a’zolari Vashingtonga yordamga kelmasa, alyansni juda yomon kelajak kutayotganidan ogohlantirdi. Yevropa Ittifoqi tashqi ishlar vazirlari 16-mart kuni kichik dengiz missiyasini kuchaytirishni muhokama qiladi, biroq uning vakolatlarini Hormuz bo‘g‘ozigacha kengaytirish kutilmayapti.
Shu bilan birga Yevropa diplomatiyasi rahbari Kaya Kallasning ma’lum qilishicha, Yevropa Ittifoqi tashqi ishlar vazirlari Hormuzga harbiy kemalarni yuborishni muhokama qilmoqda. Buning uchun Yevropaning husiylarga qarshi Qizil dengizdagi Aspides harbiy-dengiz operatsiyasi mandati o‘zgartirilishi mumkin.








