Daryo

Global harbiy xarajatlar salkam 3 trln dollarga yetdi — hisobot

Harbiy xarajatlar bo‘yicha AQSH, Xitoy va Rossiya yetakchilik qilmoqda. Biroq 2025-yilda aynan Yevropa davlatlari qurollanish poygasining asosiy drayveriga aylandi.

2 daqiqa o‘qish2 740 ko‘rishlar0 izoh0

Global harbiy xarajatlar 2025-yilda 2,9 foizga oshib, 2,88 trillion dollarga yetdi. Xarajatlar ketma-ket 11 yil davomida o‘smoqda. Bu haqda Stokgolm xalqaro tinchlik tadqiqot instituti (SIPRI) ma’lum qildi.

Mamlakatlar bir yil ichida qurollanishga jahon yalpi ichki mahsulotining (YIM) 2,5 foizini sarfladi, bu 2009-yildan beri eng yuqori ko‘rsatkichdir. Shunga qaramay xarajatlarning o‘sish sur’ati 2024-yilga nisbatan kamaydi, o‘shanda u qariyb 10 foizga yetgandi. Bunga AQSH harbiy xarajatlarining kamayishi ta’sir qilgan. AQSHdan tashqari dunyoning qolgan qismida jami xarajatlar 9,2 foizga oshgan.

“Global harbiy xarajatlari 2025-yilda yana oshdi, chunki davlatlar urushlar, noaniqlik va geosiyosiy inqirozlarga keng ko‘lamli qurollanish dasturlari bilan javob qaytardi. Hozirgi inqirozlar spektri, shuningdek, ko‘plab davlatlarning harbiy xarajatlar bo‘yicha uzoq muddatli maqsadlarini hisobga olgan holda, bu o‘sish 2026-yilda va undan keyin ham davom etishi mumkin”, deya prognoz qildi hisobot hammuallifi, SIPRI’ning harbiy xarajatlar va qurol ishlab chiqarish bo‘yicha ilmiy xodimi Syao Lyan.

Eng ko‘p harbiy xarajat qilgan davlatlar

AQSH (954 mlrd) va Xitoy (336 mlrd) harbiy xarajatlar borasida yetakchilikni davom ettirmoqda. Ulardan keyingi o‘rinda Rossiya turibdi — mamlakat o‘z harbiy byudjetini 5,9 foizga oshirib, 190 milliard dollarga (YIMning 7,5 foizi) yetkazdi. Bu Rossiyaning umumiy davlat xarajatlaridagi ulushi 20 foizga yetganini anglatadi va mamlakat tarixidagi eng yuqori ko‘rsatkichdir.

Moskva xarajatlarni cheklash maqsadida katta hajmdagi arzonroq qurol tizimlarini sotib olishga o‘tdi. Masalan, Rossiyaning dronlardan foydalanishi kengaydi, bu esa samolyotlar va zirhli texnikalar kabi qimmatroq uskunalarning oldingi yo‘qotishlarini qisman qopladi.

Rossiya hujumlaridan himoyalanayotgan Ukraina harbiy xarajatlar hajmi bo‘yicha dunyoda yettinchi o‘ringa ko‘tarildi. Mamlakat mudofaa uchun 84,1 milliard dollar sarfladi. Bu Ukraina YIMning 40 foizini va barcha davlat xarajatlarining 63 foizini tashkil etib, mutlaq tarixiy maksimumga aylandi.

Germaniya xarajatlarni 24 foizga oshirib (114 milliard dollar), dunyoda 4-o‘rinni egalladi. 1990-yildan beri birinchi marta Berlin qurollanishga YIMning 2,3 foizini ajratmoqda. Yevropadagi umumiy harbiy xarajatlar 2025-yilda 14 foizga o‘sib, 864 milliard dollarga yetdi. 2016-yildan buyon mintaqa davlatlarining harbiy byudjetlari deyarli ikki baravar oshgan, aynan Yevropa global qurollanish o‘sishining asosiy drayveriga aylandi.

Karimova Zulfiya Abduhakim qizi. 1999-yilda Toshkent shahrida tavallud topgan. Millati — o‘zbek. 2023-yilda O'zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetining xalqaro jurnalistika yo'nalishi bakalavr bosqichini tamomlagan.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar