Daryo

AQSH Eronga qarshi urushda kuniga qariyb 1 mlrd dollar sarfladi — ekspertlar guruhi

Mudofaa vazirligi rasmiylari Kongressga ma’lum qilishicha, faqat dastlabki ikki kunning o‘zida harbiylar 5,6 mlrd dollarlik o‘q-dori ishlatgan.

6 daqiqa o‘qish4 022 ko‘rishlar0 izoh1

Fevral oyi oxirida Eron bilan urush boshlanganidan beri, Qo‘shma Shtatlar Xitoy bilan urush uchun mo‘ljallangan 1 100 ga yaqin uzoq masofali stels qanotli raketalarini sarflab bo‘ldi. Bu AQSH zaxirasida qolgan umumiy miqdorga deyarli tengdir. Bu haqida The New York Times xabar qildi.

Harbiy kuchlar 1 000 dan ortiq Tomahawk qanotli raketalarini uchirdi, bu esa mamlakatning yillik xarid miqdoridan qariyb 10 baravar ko‘pdir.

Mudofaa vazirligining ichki hisob-kitoblari va Kongress rasmiylariga ko‘ra, Pentagon urushda har biri 4 million dollardan oshadigan 1 200 dan ortiq Patriot tutuvchi raketalaridan hamda 1 000 dan ortiq Precision Strike va ATACMS yerusti raketalaridan foydalangan. Bu esa zaxiralarni xavfli darajada kamaytirib yuborgan.

AQSH zaxiralari qanchalik kamaygan?

Eron urushi AQSH harbiylarining global o‘q-dorilar zaxirasini sezilarli darajada qisqartirdi va Pentagonni Osiyo hamda Yevropadagi qo‘mondonliklardan bomba, raketa va boshqa texnikalarni Yaqin Sharqqa shoshilinch ravishda yetkazishga majbur qildi. Tramp ma’muriyati va Kongress rasmiylarining ta’kidlashicha, zaxiralarning kamayishi ushbu mintaqaviy qo‘mondonliklarni Rossiya va Xitoy kabi raqiblar oldida zaifroq qilib qo‘ydi. Bu AQSHni zaxiralarni to‘ldirish uchun ishlab chiqarishni kengaytirish yo‘llarini izlashga majbur qilmoqda.

Shuningdek, ushbu mojaro Pentagonning haddan tashqari qimmat raketalar va o‘q-dorilarga, ayniqsa, havo mudofaasi tizimlariga haddan tashqari bog‘lanib qolganini ko‘rsatdi. Mudofaa sanoati arzonroq qurollarni, xususan, hujumkor dronlarni tezroq ishlab chiqa oladimi degan xavotirlar ham o‘rtaga chiqmoqda.

Mudofaa vazirligi ikki hafta oldin o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvi kuchga kirgunga qadar, 38 kunlik urush davomida qancha o‘q-dori ishlatilganini ochiqlamadi. Pentagon 13 000 dan ortiq nishonga zarba berilganini aytmoqda, biroq rasmiylarning so‘zlariga ko‘ra, bu raqam ishlatilgan bomba va raketalarning haqiqiy sonini yashirishi mumkin, chunki jangovar samolyotlar va artilleriya odatda yirik nishonlarga bir necha bor zarba beradi.

Foto: Moderna.az

Oq uy rasmiylari hozircha urushning narxini ochiqlashdan bosh tortishdi, ammo ekspertlardan iborat ikki mustaqil guruh urush xarajatlarini hayratlanarli darajada deb baholamoqda: AQSH Eronga qarshi urushda 28 milliarddan 35 milliard dollargacha yoki kuniga qariyb 1 milliard dollar sarflagan.

Mudofaa vazirligi rasmiylari Kongressga ma’lum qilishicha, faqat dastlabki ikki kunning o‘zida harbiylar 5,6 milliard dollarlik o‘q-dori ishlatgan.

AQSHning global zaxirasini avvalgi holatiga qaytarish uchun mamlakat o‘z harbiy qudratini qayerda saqlab qolish borasida qiyin tanlovlar qilishiga to‘g‘ri keladi. “Hozirgi ishlab chiqarish sur’atlarida sarflangan narsalarni tiklash yillar talab qilishi mumkin”, dedi rod aylendlik senator, Qurolli kuchlar qo‘mitasining yetakchi demokrati Jek Rid.

“AQSHda yetarli miqdordagi ko‘plab o‘q-dorilar bor, ammo ba’zi muhim yerusti hujumkor va raketa mudofaasi o‘q-dorilari urushdan oldin ham kam edi, hozir esa yanada kamayib ketdi”, deydi iste’fodagi dengiz piyodalari polkovnigi va Strategik va xalqaro tadqiqotlar markazi (CSIS) katta maslahatchisi Mark F. Kansian.

Oq uyning munosabati

Oq uy matbuot kotibi Karolin Levitt o‘z bayonotida “ushbu xabar mutlaqo noto‘g‘ri” ekanini aytdi. Shuningdek, u: “AQSH dunyodagi eng qudratli armiyaga ega va vatan mudofaasi hamda oliy bosh qo‘mondon tomonidan berilgan har qanday topshiriqni bajarish uchun butun dunyo bo‘ylab yetarli qurol-yarog‘ zaxirasiga ega”, deya qo‘shimcha qildi.

Pentagon bosh matbuot kotibi Shon Farnell operativ xavfsizlikka tayanib, “mintaqaviy talablar yoki global resurs imkoniyatlari” haqida izoh berishdan bosh tortdi.

Ba’zi respublikachilar, jumladan, Kentukki shtatidan senator Mitch Makkonnel, bir necha ma’muriyat davomida o‘q-dorilar ishlab chiqarishga sarflanadigan xarajatlarni oshirishni talab qilib kelgan. Mudofaa vaziri Pit Hegset ushbu maqsadni o‘z faoliyatidagi eng muhim ustuvor vazifa deb belgilagan.

Rasmiylarning aytishicha, Pentagon uchun vaziyatni yanada xavfli qilayotgan narsa shundaki, Mudofaa vazirligi kamaygan zaxiralarini to‘ldirish uchun qurol ishlab chiqaruvchilarga pul to‘lashdan oldin Kongress tomonidan qo‘shimcha mablag‘ ajratilishini kutmoqda. Yanvar oyida ma’muriyat yirik mudofaa pudratchilari, jumladan, Lockheed Martin kompaniyasi bilan yetti yillik shartnomalar imzolaganini e’lon qilgan edi.

Foto: Life.ru

Kelishuv yuqori aniqlikdagi o‘q-dorilar va THAAD raketa tutuvchi tizimlarni ishlab chiqarishni to‘rt baravar oshirishni nazarda tutgan edi. Biroq rasmiylarning so‘zlariga ko‘ra, ishlab chiqarishni kengaytirish bo‘yicha hali amaliy harakatlar boshlanmagan, chunki Pentagon mablag‘ topish bilan ovora.

Shu bilan birga, harbiylar Eron urushida Markaziy qo‘mondonlikning zudlik bilan ehtiyojlarini qondirish uchun mavjud qurol zaxiralaridan yuqori sur’atlarda foydalanmoqda. Ba’zi turdagi o‘q-dorilar boshqalardan ko‘ra tezroq kamaymoqda.

Masalan, Pentagon o‘zining stels turidagi uzoq masofali qanotli raketalarining ko‘p qismini Eronga qarshi jangga sarfladi. JASSM-ER deb ataladigan ushbu raketalar qiruvchi va bombardimonchi samolyotlardan uchiriladi va 600 mildan (taxminan 965 km) ortiq masofagacha yetib boradi.

Maxfiy jangovar hisob-kitoblarni muhokama qilish uchun anonim qolishni so‘ragan harbiy va kongress rasmiylariga ko‘ra, urush boshlanganidan beri harbiylar har biri taxminan 1,1 million dollar turadigan 1 100 ga yaqin JASSM-ER raketalarini ishlatgan, natijada zaxirada taxminan 1 500 dona raketa qolgan.

Har biri taxminan 3,6 million dollar turadigan Tomahawk’lar — 1991-yildagi Fors ko‘rfazi urushidan beri AQSH tomonidan keng qo‘llanadigan uzoq masofali qanotli raketalardir. Ular kelajakdagi ehtimoliy urushlar, jumladan, Osiyodagi to‘qnashuvlar uchun asosiy o‘q-dori bo‘lib qolmoqda.

“Ushbu urushni olib borish uchun yetarli o‘q-dorilar mavjud bo‘lsa-da, ‘Epik G‘azab’ operatsiyasida Tomahawk va boshqa raketalarning ko‘p sarflanishi AQSH uchun boshqa hududlarda, ayniqsa, Tinch okeanining g‘arbiy qismida xavf tug‘diradi”, deb xulosa qildi CSIS tadqiqoti. Hisob-kitoblarga ko‘ra, qolgan Tomahawk zaxirasi 3 000 ga yaqinni tashkil etadi.

Foto: Focus.ru

Patriot tutuvchi raketalari har biri deyarli 4 million dollar turishi mumkin. Qo‘shma Shtatlar butun 2025-yil davomida ulardan 600 ta ishlab chiqargan. Pentagonning ichki hisob-kitoblariga ko‘ra, hozirgacha urushda 1 200 tadan ko‘p ishlatilgan.

American Enterprise Institute tomonidan tayyorlangan tadqiqotga ko‘ra, urushning umumiy qiymati 25 dan 35 milliard dollargacha baholanmoqda.

Harbiylar, shuningdek, shikastlangan yoki yo‘q qilingan samolyotlar tufayli kutilmagan xarajatlarga duch kelmoqda. Eronda urib tushirilgan Harbiy-havo kuchlari zobitini qutqarish bo‘yicha Navy SEAL Team 6 operatsiyasida, samolyotlarning g‘ildiraklari qumga botib qolganidan so‘ng harbiylar ikkita MC-130 yuk samolyoti va ularning ichidagi kamida uchta MH-6 vertolyotini yo‘q qilishga majbur bo‘ldi. Kansian yo‘qotilgan samolyotlarning umumiy qiymatini taxminan 275 million dollarga baholadi.

AQSH harbiy kuchlari joylashuvidagi o‘zgarishlar

Barcha mintaqaviy harbiy qo‘mondonlar o‘q-dorilar zaxirasi kamayayotganining bosimini his qilmoqda.

Eron bilan urush boshlanishidan oldin AQSH harbiy qo‘mondonlari U.S.S. Abraham Lincoln aviatashuvchi zarba beruvchi guruhini Janubiy Xitoy dengizidan Yaqin Sharqqa yo‘naltirgan edi. O‘shandan beri Tinch okeanidan Yaqin Sharqqa har biri 2 200 nafar dengiz piyodalaridan iborat ikkita ekspeditsiya bo‘linmasi yuborildi. Pentagon, shuningdek, Eronning dronlari va raketalaridan himoyani kuchaytirish uchun Osiyodan zamonaviy havo mudofaa tizimlarini ko‘chirdi.

Foto: Moderna.az

Yo‘nalishi o‘zgartirilgan qurollar orasida Janubiy Koreyadagi THAAD tizimi raketalari va tutuvchilari ham bor. Janubiy Koreya — Shimoliy Koreyaning kuchayib borayotgan raketa tahdidiga qarshi turish uchun ushbu ilg‘or tizim o‘rnatilgan yagona Osiyo ittifoqchisidir. Endilikda, rasmiylarga ko‘ra, birinchi marta ushbu tizimning raketalari boshqa yo‘nalishga olib ketilmoqda.

AQSH kemalari, samolyotlari va ularda xizmat qilayotgan xizmatchilar “yuqori operativ temp” deb ataladigan sharoitda ishlamoqda. Bunday og‘ir sharoitda hatto oddiy uskunalarga texnik xizmat ko‘rsatish ham muammoga aylanadi.

Hind-Tinch okeani qo‘mondonligi rahbari admiral Samuel J. Paparo senatdagi tinglovda zaxiralar tanqisligi masalasini chetlab o‘tib, faqatgina “o‘q-dorilar omborining ham cheki borligini” tan oldi.

Toshkentdanman. O‘zbekiston Milliy universiteti jurnalistika fakultetini tamomlaganman. 20 yildan beri jurnalistika sohasidaman. “Daryo”da 2022-yildan beri ishlayman. Hozirda Tahlil va tarjima bo‘limi boshlig‘iman. Yoqtirgan kinoim: "Balamut". Kitoblardan esa O‘tkir Hoshimovning “Dunyoning ishlari” asari yoqadi.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar