Xitoy va Pokiston Erondagi urushni zudlik bilan to‘xtatishga hamda imkon qadar tezroq tinchlik muzokaralarini boshlashga chaqirdi. Seshanba, 31-mart kuni Pokiston yuqori martabali rasmiylarining Pekinga tashrifidan so‘ng, har ikki davlat Fors ko‘rfazi va Yaqin Sharq mintaqasida tinchlik va barqarorlikni tiklash bo‘yicha qo‘shma tashabbusni e’lon qildi.
Xitoy va Pokiston mojarolar kuchayib ketishining oldini olish maqsadida vositachilik qilishga intilmoqda. Xususan, Islomobod AQSH va Eron o‘rtasida muzokaralarga mezbonlik qilishga tayyorligini bildirgan.
Xitoy poytaxtida Pokiston tashqi ishlar vaziri Is’hoq Dor o‘z hamkasbi Van I bilan uchrashdi. Pekin bayonotiga ko‘ra, tomonlar Eron atrofidagi vaziyat bo‘yicha strategik aloqalarni mustahkamlashga va tinchlikni targ‘ib qilish uchun yangi sa’y-harakatlarni amalga oshirishga kelishib olgan.
Keyinchalik Pokiston TIV ikki tomon besh banddan iborat reja ustida to‘xtaganini ma’lum qildi. Reja mazmuni quyidagilardan iborat:
1. Harbiy harakatlarni zudlik bilan to‘xtatish. Mintaqadagi qurolli to‘qnashuvlarga darhol chek qo‘yish.
2. Tinchlik muzokaralarini boshlash. Imkon qadar tezroq diplomatiya va muloqot stoliga o‘tish.
3. Kuch ishlatishdan tiyilish. Muzokaralar davomida barcha tomonlar kuch ishlatishni yoki kuch bilan tahdid qilishni to‘xtatish majburiyatini olishi.
4. Fuqarolik obyektlarini himoya qilish. Tinch aholiga hamda hayotiy muhim infratuzilmalarga (energetika obyektlari va suvni chuchuklashtirish zavodlari) hujumlarni to‘xtatish.
5. Dengiz yo‘llari xavfsizligini ta’minlash. Strategik Hormuz bo‘g‘ozi orqali fuqarolik va tijorat kemalarining xavfsiz va to‘siqsiz o‘tishini kafolatlash.
AQSH muzokaralar davom etayotganini da’vo qilayotgan bo‘lsa-da, Eron buni rad etmoqda. Shunga qaramay, har ikki hukumat muloqot va diplomatiya mojarolarni hal qilishning yagona varianti ekanini biladi.
“Xitoy va Pokiston tegishli tomonlarning muzokaralar boshlashini qo‘llab-quvvatlaydi. Bunda barcha tomonlar nizolarni tinch yo‘l bilan hal qilish majburiyatini olishi hamda muzokaralar paytida kuch ishlatishdan yoki kuch bilan tahdid qilishdan tiyilishi lozim”, deyiladi bayonotda.
Tomonlarning fikricha, barqaror tinchlik BMT nizomi va xalqaro huquq normalariga asoslanishi shart. AQSH va Isroilning Eronga qarshi boshlagan urushi 2026-yilning 28-fevral kuni boshlangan edi. Hozirda jangovar harakatlarning dengiz qatnoviga, xususan, bo‘g‘ozdagi harakatga salbiy ta’siri xavotirlarni kuchaytirmoqda.
Is’hoq Dor Pekinga kelishidan oldin, 29-mart kuni Saudiya Arabistoni, Misr va Turkiya tashqi ishlar vazirlari bilan uchrashuv o‘tkazgan edi. Xitoy Eronning asosiy hamkori bo‘lsa-da, Tehronga harbiy yordam ko‘rsatishini e’lon qilmadi, aksincha o‘t ochishni to‘xtatishga chaqirib kelmoqda.
AQSH prezidenti Donald Tramp Vashington va Tehron ehtimoliy kelishuvning 15 ta bandi bo‘yicha kelishuvga erishganini ma’lum qilgandi. Unga ko‘ra, Eron yadro quroliga hech qachon ega bo‘lmaslikka rozi bo‘lgan.








