O‘zbekistonda kartoshkaga bo‘lgan talabni qoplash maqsadida 2026-yil uchun rejalashtirilgan 180 ming gektar maydonning 118 ming gektariga urug‘lik ekildi. Bu haqda prezident raisligidagi videoselektorda axborot berildi.
Yig‘ilishda qayd etilishicha, Qashqadaryo viloyatida kartoshka ekish darajasi atigi 41 foizni, Surxondaryoda esa 44 foizni tashkil etmoqda. Shu bilan birga, mart oyida kartoshka narxi Surxondaryoda 12,4 foizga, Qashqadaryoda esa 9 foizga oshgani ko‘rsatib o‘tildi.
Kartoshkachilikka ixtisoslashgan Xo‘jaobod, Andijon, Kosonsoy, Chortoq, Chust, Yangiqo‘rg‘on, Toshloq va Farg‘ona tumanlarida ham ishlar qoniqarsiz ekani ta’kidlandi. Ushbu hududlarda ekinlarni o‘z vaqtida joylashtirish va hosildorlikni oshirish bo‘yicha yetarli choralar ko‘rilmayotgani qayd etildi.
Yig‘ilishda sustkashlikka yo‘l qo‘ygan viloyat hokimlarining qishloq xo‘jaligi bo‘yicha o‘rinbosarlari hamda tuman hokimlarining mas’uliyati va javobgarligini kuchaytirish topshirildi. Shu bilan birga, mavjud mablag‘ va resurslar to‘liq ishga solinishi zarurligi alohida ta’kidlandi.
Prezident go‘sht va kartoshka ta’minotida muammo bo‘lmasligi kerakligini ta’kidladi. “Takror aytaman: mablag‘ bor, resurs bor. Go‘sht va kartoshkadan hech qanday masala bo‘lmasligi kerak”, dedi davlat rahbari.
Majlisda mas’ullarga ikkinchi chorakda 45 ming tonna, yil yakunigacha esa jami 130 ming tonna go‘sht importini ta’minlash vazifasi ham qo‘yildi. Qayerda yuk to‘xtab qolsa yoki to‘siqlar yuzaga kelsa, tadbirkorlar murojaatini kutmasdan, onlayn monitoring orqali muammolarni operativ hal qilish topshirildi.








